Xitoyda dunyodagi eng baland minorali kran ishlab chiqildi

Bu qiziq

image

Xitoyning og‘ir mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Zoomlion” kompaniyasi dunyodagi eng baland LW3600-240NB seriyali minorali kranni taqdim etdi. Bu haqda “Interesting engineering” nashri xabar berdi.

Ushbu maxsus texnika yangi avloddagi o‘ta baland va o‘ta og‘ir yerusti shamol generatorlarini montaj qilish uchun ishlab chiqilgan. Mashina rekord darajadagi – 241 metr balandlikka yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega va 240 tonnagacha bo‘lgan yukni ko‘tara oladi. Bunday ko‘rsatkichlar yuz metrlik balandlikka bir vaqtning o‘zida 200 tagacha kichik hajmli avtomobilni ko‘tarish uchun yetarli hisoblanadi.

Uskuna quvvati 10 megavattdan yuqori va parrak markazi balandligi 200 metrdan ortiq bo‘lgan turbina qismlarini o‘rnatishga mo‘ljallangan. Shamol energetikasi sanoati baland minoralardan foydalanishga o‘tmoqda, chunki ular barqaror havo oqimlaridan foydalanish imkonini beradi va yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishni 30-50 foizga oshiradi. Biroq generator kabinasining vazni 150-200 tonnaga yetishi, parragining uzunligi esa 100 metrdan oshishi sababli montaj jarayoni ancha murakkablashadi.

Xitoy superkranining konstruktiv xususiyatlari:

  • ixchamlik: 1 ming kvadrat metrdan ortiq maydon talab qiladigan an’anaviy zanjirli (gusenitsali) kranlardan farqli o‘laroq, ushbu yangilik uchun poydevorni minimal darajada tayyorlagan holda atigi 35 ga 55 metrlik hudud kifoya qiladi.
  • chidamlilik: Konstruksiya 10 ballgacha bo‘lgan kuchli shamol yuklamalariga dosh bera oladi, bu esa shamol tezligi soniyasiga 28,5 metrgacha bo‘lgan bo‘ronga tengdir. Maxsus texnologiya tufayli seksiyalarning surilib chiqishi xavfsiz tarzda amalga oshiriladi.
  • aqlli tizim: Intellektual boshqaruv tizimi kranning og‘ishi, tebranishlari va yuklamasini real vaqt rejimida kuzatib boradi, shuningdek, metallning qoldiq resursini (xizmat muddatini) prognoz qilish funksiyasiga ega.

Soha ekspertlarining fikriga ko‘ra, bu kabi kranlardan qurilish konveyeri formatida foydalanish yirik shamol elektr stansiyalari loyihalarining o‘zini oqlash muddatini ikki baravarga qisqartirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy minorali kran Zoomlion

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing