Kichkina iltimos bor: Grenlandiyani bizga bering – Tramp

Olam

image

AQSH tomonidan kuch ishlatilmaydi, ammo Yevropa Grenlandiyani ushbu mamlakatga berilishi kerak. Bu haqda bugun, 21 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Davosda iqtisodiy forumdagi chiqishida gapirdi. 

“AQSH – sayyoraning iqtisodiy dvigateli. Biz ravnaq topsak, butun dunyo ravnaq topadi. Men Yevropaning ham gullab-yashnashini istayman. Bizga kuchli ittifoqchilar kerak. AQSHdan boshqa hech bir davlat Grenlandiya xavfsizligini ta’minlay olmaydi. Ikkinchi jahon urushi paytida Daniya Germaniyaga olti soat ichida taslim bo‘lgan, biz esa uni himoya qilish uchun o‘z kuchlarimizni yuborganmiz. Agar biz bo‘lmaganimizda, ular hozir nemischa yoki yaponcha gapirayotgan bo‘lar edi”, deydi AQSH yetakchisi.

Uning aytishicha, hozir grenlandiyaliklar noshukrlik qilmoqda.

“Urushdan keyin biz Grenlandiyani Daniyaga qaytardik – bu ahmoqlik bo‘lgan. Hozir esa ular noshukrlik qilmoqda. Grenlandiyani faqat AQSHgina himoya qila oladi. Men uni sotib olish bo‘yicha darhol muzokaralarni boshlamoqchiman. Hududlarni sotib olishda hech qanday noto‘g‘ri jihat yo‘q – buni tarixda ko‘pchilik qilgan. Balki eng muhim bayonotim: men kuch ishlatmayman. Biz ko‘p yillar davomida NATO uchun to‘lov qildik, Yevropani SSSRdan, Rossiyadan himoya qildik. Hozir mendagi yagona iltimos – Grenlandiya. Uni bizga mulk huquqi bilan bering. Ijara asosida uni himoya qilib bo‘lmaydi. Yevropaga o‘nlab yillar davomida berganlarimizni inobatga olsak, bu juda kichik iltimos. Siz “ha” deyishingiz mumkin – biz minnatdor bo‘lamiz. Siz “yo‘q” deyishingiz ham mumkin va biz buni eslab qolamiz”, deydi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uyning X’dagi rasmiy sahifasida “Grenlandiya – AQSH hududi. Unga 2026 yilda asos solingan” yozuvlari tushurilgan tasvir e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Davos Grenlandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing