Kiyevda 58 yoshli erkak otishma uyushtirdi. 5 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
18 aprel 4570 2 daqiqa
Bugun, 18 aprel kuni Ukraina poytaxti Kiyevning Goloseyev tumanida noma’lum shaxs odamlarga qarata o‘t ochdi va “Velmart” supermarketida bir necha kishini garovda ushlab turdi. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi.
Ukraina OAVlari jinoyatchining qurbonlari kamida to‘rt kishi, jumladan 18 yoshli qiz bo‘lganini xabar qilmoqda. “KORD” maxsus bo‘linmasi xodimlari u bilan muzokara olib borishga harakat qilgan, biroq ular muvaffaqiyatsiz tugagan. Shundan so‘ng binoni shturm qilish boshlangan. Voqea joyiga Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko yetib borgan. Mahalliy vaqt bilan soat 18:12 da u jinoyatchi yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Garovga olinganlar supermarketdan olib chiqilgan.
“Ukrainskaya pravda” ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchining ismi Dmitriy Vasilchenkov. U 1968 yilda Moskvada tug‘ilgan va Ukraina fuqaroligiga ega. Avval Donetsk viloyatining Baxmut shahrida, keyin esa Kiyevning Goloseyev tumanida yashagan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy soat 18:30 holatiga ko‘ra, besh kishi halok bo‘lgani va 10 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt nafar garovga olingan shaxs qutqarilgan. U qurbonlarning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, sodir bo‘lgan voqea holatlari aniqlanayotganini ta’kidlagan.
“Biz tezkor tergov o‘tkazilishiga umid qilamiz. Milliy politsiya va Ukraina Xavfsizlik xizmati tergovchilari ishlamoqda. Men Ichki ishlar vaziri va Ukraina Milliy politsiyasi rahbariga ushbu ish bo‘yicha jamiyatga barcha tekshirilgan ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha topshiriq berdim”, deydi Zelenskiy.
Live
Barchasi