KXDR harbiylari Janubiy Koreya chegarasini kesib o‘tdi

Olam

image

Joriy yilning 19 noyabr kuni shimoliy koreyalik harbiylar qisqa muddatga harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu chiziq Koreya yarimorolini ajratib turuvchi demilitarizatsiya zonasi, ya’ni Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi amaldagi chegara hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR harbiylari chegarada ish olib borgan. Ularning soni va qurollangan yoki qurollanmagani yuzasidan aniq ma’lumot berilmagan. Janubiy Koreya tomoni dastlab ogohlantirish bergan, so‘ng ogohlantiruvchi o‘q uzgan. Seul vaziyatga “ko‘rsatmalarga muvofiq” munosabat bildirganini ma’lum qilgan. O‘q uzilgach, Shimoliy Koreya harbiylari o‘z hududiga qaytgan.

Shimoliy va Janubiy Koreyani demilitarizatsiya zonasi ajratib turadi. Bu chegara bo‘ylab joylashgan, kengligi 4 kilometr bo‘lgan himoyalangan bufer hudud bo‘lib, uning har ikki tomonida harbiy mustahkam inshootlar mavjud. 2024 yil aprelidan buyon Shimoliy Koreya ushbu hudud bo‘ylab tanklarga qarshi to‘siqlar va minalar o‘rnatib kelmoqda.

17 noyabr kuni Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreyaga chegara bo‘yicha harbiy demarkatsiya chizig‘i yuzasidan muzokara o‘tkazishni taklif qilgandi. Bu taklif ehtimoliy chegara buzilishlarining oldini olish maqsadida ilgari surilgan. Sababi 1953 yildan beri chegarani aniqlashtiruvchi ko‘plab belgilar shikastlangan yoki yaxshi ko‘rinmay qolgan.

Janubiy Koreya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda chegarani buzib o‘tish bilan bog‘liq qariyb 10 ta holat qayd etilgan. Rasmiylar bunday hodisalar chegarani qayta belgilashni taqozo etishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 avgust kuni Janubiy Koreya Qurolli kuchlari KXDR bilan chegarada ogohlantiruvchi o‘q uzgandi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara KXDR harbiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing