KXDR maxfiy suvosti qurolini ishlab chiqmoqchi
Olam
−
06 iyun 2864 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qizi Kim Chju E bilan birga mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan 5 ming tonnalik “Kan Gon” esminetsiga tashrif buyurdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
KXDR rahbari o‘z tashrifi davomida Harbiy-dengiz floti shu yilning boshida tasdiqlangan mamlakat mudofaasini rivojlantirish bo‘yicha yangi besh yillik rejaning asosiy yo‘nalishi ekanligini ma’lum qilgan. Ushbu rejaga ko‘ra, mamlakatda suv sig‘imi 10 ming tonna bo‘lgan esminetslar yasaladi va “maxfiy suvosti quroli” ishlab chiqiladi.
Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, harbiy-dengiz kuchlari yadroviy tiyib turish tizimida yanada muhimroq rol o‘ynashi hamda “suv ostida yoki suv ustida istalgan vaqtda dushmanga qaqshatqich zarbalar berishga” qodir bo‘lishi kerak.
U, shuningdek, dengizchilarning boshqaruv mahoratini yuqori baholagan va kemaning harakatchanligi tezkor talablarga javob berishidan “katta mamnuniyat” bildirgan.
“Associated Press”ning qayd etishicha, “Kan Gon” o‘tgan yili KXDR tomonidan taqdim etilgan ikkita esminetsning ikkinchisidir. Birinchisi “Chxve Xyon” bo‘lib, Kim uning ishlab chiqilishini harakat radiusini kengaytirish va oldindan ogohlantiruvchi zarbalar berish imkoniyatlarini oshirish yo‘lidagi muhim qadam deb atagan. Ushbu kemalar turli xil qurol tizimlarini, jumladan, zenit va kemalarga qarshi tizimlarni, shuningdek, yadroviy kallaklarni tashishga qodir bo‘lgan ballistik va qanotli raketalarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, 4 iyun kuni Kim Chen In yadroviy materiallar ishlab chiqaruvchi yangi zavodga tashrif buyurgandi va ularning bajarilishi kafolatlangan holda mamlakatning yadroviy kuchlarini “geometrik progressiya” bilan oshirish rejasini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi