Livan G‘arb ko‘magi bilan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirmoqchi

Olam

image

Bugun, 18 dekabr kuni Fransiya, Saudiya Arabistoni va AQSH rasmiylari Parijda Livan armiyasi qo‘mondoni bilan “Hizbulloh” guruhini qurolsizlantirish mexanizmini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini yakunlashga qaratilgan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumki, Isroil va Livan 2024 yilda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan, biroq Isroil Livan armiyasining “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga shubha bilan qaramoqda. Isroil harbiy aviatsiyasi esa Livan janubida, hatto poytaxt Bayrutda ham “Hizbulloh” nishonlariga zarbalarni kuchaytirdi.

Diplomatlarga ko‘ra, 2026 yilda Livanda o‘tkaziladigan parlament saylovlari yaqinlashar ekan, siyosiy kelishmovchiliklar va partiyalar o‘rtasidagi raqobat mamlakatdagi beqarorlikni kuchaytirishi mumkin. Bu esa prezident Jozef Aunning “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish masalasida qat’iy choralar ko‘rishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

“Vaziyat nihoyatda notinch va qarama-qarshiliklarga boy. Porox bochkasini portlatish uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi”, deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yuqori lavozimli rasmiylardan biri. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Aun qurolsizlantirish jarayonini ochiqcha olib borishni istamaydi, chunki bu mamlakat janubidagi shia jamoasi bilan ziddiyatga va keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, Livan armiyasining “Hizbulloh”ni mustaqil ravishda qurolsizlantirish imkoniyatlari cheklangan. Shu sababli, mavjud sulh mexanizmini Fransiya, AQSH va ehtimol boshqa harbiy mutaxassislar hamda BMT tinchlikparvar kuchlari ishtirokida mustahkamlash taklif etilmoqda. Tomonlar kelgusi yil boshida Livan armiyasini kuchaytirish bo‘yicha xalqaro konferensiya, shuningdek, ayniqsa Livan janubini qayta tiklashga qaratilgan alohida anjuman o‘tkazishga umid qilmoqda.

Livan davlat axborot agentligi NNA xabariga ko‘ra, 18 dekabr kuni Parijda muzokaralar bo‘lib o‘tayotgan bir paytda Isroil Livan janubidagi bir qator shaharlar hamda Bekaa vodiysi hududlariga havo hujumlarini uyushtirdi. Isroil harbiylari Hizbullohga tegishli bo‘lgan, mashg‘ulotlar o‘tkazish, qurol saqlash va artilleriya o‘qlari uchun foydalanilgan harbiy ob’ektlarga zarba berilganini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, mazkur ob’ektlar Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvlarni buzgan hamda Isroil xavfsizligiga tahdid solgan.

Shuningdek, Isroil armiyasi Livan janubidagi Taybe hududida “Hizbulloh” vakiliga zarba berilganini bildirdi. Parlament spikeri va “Hizbulloh” ittifoqchisi bo‘lgan Amal harakati yetakchisi Nabih Berri ushbu hujumlarni Parijdagi konferensiyaga yo‘llangan “Isroil xabari” sifatida baholadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Livan janubidagi “Hizbulloh” ob’ektlariga zarba bergani haqida xabar berilgandi. Nishonga olingan ob’ektlar orasida “Hizbulloh”ning qurol omborlari, raketa qurilmalari hamda ushbu hududda infratuzilmani tiklash imkonini beradigan muhandislik asbob-uskunalari saqlangan infratuzilma ob’ektlari bor ekani bildirildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Saudiya Arabistoni Parij Livan qurolsizlantirish Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing