Mashinaning “probeg”ini o‘zgartirib sotganlar jazolanadi
Jamiyat
−
18 may 2245 2 daqiqa
O‘zbekistonda avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlarini o‘zgartirilganlik yoki almashtirilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 18 may kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida kodeks yangi 178-2-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
“Bu norma iste’molchilarning tovar haqida haqqoniy va to‘liq ma’lumot olish huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ikkilamchi avtomobil bozoridagi nohalol amaliyotlarga chek qo‘yadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, transport vositasi sotilgunga qadar xaridorni transport vositasining bosib o‘tgan yo‘lini qayd etuvchi odometr qurilmasining ko‘rsatkichlari o‘zgartirilgani yoki odometr qurilmasining o‘zi almashtirilgani to‘g‘risida xabardor qilmaslik bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi