Misrda mukammal doira shaklidagi qadimiy ibodatxona topildi
Bu qiziq
−
23 aprel 5548 2 daqiqa
Misrda arxeologlar noyob va qadimiy, doira shaklidagi ibodatxonani topdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu inshoot taxminan 2200 yil avval muqaddas suv rituallari (marosimlari) uchun ishlatilgan. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ibodatxona hozirgi Port-Said shahridan janubi-sharqda joylashgan qadimgi Peluziy porti hududidan topilgan. Majmua markazida diametri taxminan 35 metr bo‘lgan yirik suv havzasi joylashgan bo‘lib, u Nil daryosi bilan kanallar va rezervuarlar tizimi orqali bog‘langan.
Tadqiqotchilarning fikricha, inshoot kam o‘rganilgan xudolardan biriga bag‘ishlangan bo‘lishi mumkin. Havzaning markazida kvadrat shaklidagi poydevor topilgan.
Amerika Arxeologiya instituti yegiptologi Stiv Xarvining ta’kidlashicha, ibodatxonaning aynan qaysidir ilohga bag‘ishlangani tasdiqlansa, bu avval faqat yozma manbalardan ma’lum bo‘lgan kultning (e’tiqodning) kamyob moddiy daliliga aylanadi.
Tarixchilar Nil daryosi qadimgi misrliklar hayotida asosiy rol o‘ynaganini ta’kidlamoqda: daryoning har yilgi toshishi tuproq unumdorligini ta’minlagan va muhim ramziy ma’noga ega bo‘lgan. Ibodatxona ichida Nil loyqasi va suv yig‘ish tizimi izlari topilgan, bu esa uning daryo kultlari bilan bog‘liqligini tasdiqlaydi.
Miloddan avvalgi VIII asr atrofida asos solingan Peluziy shahri Nil deltasi chegarasida strategik mavqega ega bo‘lib, muhim savdo va mudofaa punkti bo‘lib xizmat qilgan. Turli davrlarda u Misr, Yunon va Rim sivilizatsiyalari ta’sirida bo‘lgan.
Live
Barchasi