Moskvada benzin va dizel sotuviga limit qo‘yildi
Olam
−
13 iyun 1900 2 daqiqa
Rossiyaning Moskva shahridagi bir qator avtoyonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYOQSH) yonilg‘i sotishga cheklovlar joriy etildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, “Tatneft” AYOQSHlarida bir mijozga 20 litrdan ko‘p bo‘lmagan AI-92 va AI-95 benzini, shuningdek, 40 litrgacha dizel yonilg‘isi berilmoqda. “Rosneft” yonilg‘i quyish shoxobchalarida limit bitta bak yoki kanistra uchun 90 litrgacha, “Lukoyl” AYOQSHlarida esa bitta chek uchun 100 litrgachani tashkil etmoqda.
Bundan oldin cheklovlar ORTK tarmog‘ida ham amal qilgan bo‘lib, u yerda bir xaridorga benzin berish 60 litr, dizel yonilg‘isi esa 100 litr bilan cheklangan. Hozirgi vaqtda kompaniya ushbu choralar bekor qilinganini da’vo qilmoqda.
Rossiya OAVlarining xabar berishicha, so‘nggi haftalarda mamlakatning bir qator boshqa hududlarida ham yonilg‘i sotishga cheklovlar joriy etila boshlagan. Ushbu vaziyat fonida Kreml ayrim hududlarni benzin bilan ta’minlashda qiyinchiliklar mavjudligini tan olgan va rasmiylar vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, cheklovlar Rossiya neftni qayta ishlash infratuzilmasiga qilingan dron hujumlaridan keyin yonilg‘i yetkazib berishdagi muammolar va neftni qayta ishlash hajmining kamayishi fonida joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi Kstovo shahriga hujum uyushtirgandi. Ushbu hujum “Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” yirik neftni qayta ishlash zavodiga qaratilgan bo‘lib, hujum oqibatida hududda yong‘in yuzaga kelgan.
Live
Barchasi