Namangandagi soyda 23 yoshli yigit cho‘kib ketdi (video)

3-sahifa

image

Namangan viloyatining Pop tumanidagi dam olish maskanida 23 yoshli yigit cho‘kib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 28 may kuni 23 yoshli yigit qarindoshlari bilan birgalikda Pop tumanida joylashgan dam olish maskaniga kelib, u yerdan oqib o‘tuvchi “Chodaksoy” soyiga cho‘milish maqsadida tushgan. Ehtiyotsizligi oqibatida u suvda cho‘kib ketib, qayta chiqmagan. 

Mazkur holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Tekshiruv doirasida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining qutqaruvchilari jalb etilgan holda suvga cho‘kib ketgan yigitni qidirib topish ishlari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda yigitni qidirish juda ham sust ketayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Viloyat FVB esa qidiruv ishlari davom ettirilayotgani, tadbir viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Akmaljon O‘rinboyev boshchiligida tashkil etilganini bildirgan.

“Jarayonda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruvchilari tomonidan suv ustida, boshqarma qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan esa suv ostida qidiruv ishlari olib borilmoqda. Qidiruv tadbirlari uzluksiz davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 16 yoshli o‘smir daryoga cho‘kib ketgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Chodaksoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing