“Nota berish bilan cheklanyapsizlar”. Prezident migrantlar masalasida TIVdagilarni koyib berdi

Jamiyat

image

Xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan bo‘layotgan g‘ayriinsoniy harakatlar, reyd tadbirlariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nari borsa nota berish bilan kifoyalanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, fuqarolarning xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda. Aksariyat holatlarda esa Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.  

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, deydi Prezident.  

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlar yoki talabalarning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi urg‘ulangan.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi.  

Mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

“Xorijda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarimiz borligi bizni tashvishga soladi”, deydi davlat rahbari.  

Yig‘ilishda o‘tgan yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga “migratsiya amnistiyasi”ni qo‘llashga erishilgani e’tirof etilgan. Boshqa mamlakatlarda ham o‘zbekistonliklarga qonuniy asosda ishlashlariga ko‘maklashish, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolar ham o‘zlari bo‘lib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi qayd etildi. 

Bundan buyon migratsiya oqimi ko‘payib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi bo‘lishi belgilandi.  

Shuningdek, chet eldagi fuqarolarni konsullik hisobiga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish vazifasi topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Shavkat Mirziyoev migratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing