“Oqlovga teng”. Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud to‘xtatildi 

3-sahifa

image

Shveysariya Federal jinoiy sudi O‘zbekistonning Birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan pul yuvish bo‘yicha sud jarayonini uning O‘zbekistonni o‘z vaqtida tark etishiga ruxsat berilmagani sababli to‘xtatdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud mazkur jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddati tugagunga qadar biror qarorga kelish imkonsiz ekanligini bildirgan. Bungacha har qanday ayblovlarni rad etgan Karimova pora olishda va 2005—2013 yillar davomida Shveysariyadagi hisob raqamlariga yuzlab million dollarlarni yo‘naltirgan “Ofis” nomli jinoiy tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanayotgan edi.

“Shveysariya Federal jinoiy sudi tomonidan mijozimiz Gulnora Karimova foydasiga chiqarilgan bugungi qaror Shveysariya qonunchiligiga ko‘ra oqlovga tengdir. Sud jarayonni davom ettirish uchun doimiy to‘siq mavjud deb hisobladi”, deydi uning advokati Greguar Manjea.

Bunda Karimovaning sud majlisida qatnasha olmasligi nazarda tutilgan.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda 2028 yil dekabrigacha qamoq jazosini o‘tamoqda. Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ilgari surilgan ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati esa aynan o‘sha yili tugaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shveysariyaning Bellinsona shahridagi Federal jinoiy sudda Gulnora Karimova ustidan sirtqi sud jarayoni boshlangani haqida xabar berilgan edi. Jarayon 22 mayga qadar davom etishi kutilayotgandi.

O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017 yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

Birinchi prezidentning qizi dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025 yil yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.  

2022 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimova va uning jinoiy guruhining Shveysariyadagi aktivlari miqdori 686 million dollarga baholanishini, Fransiya, AQSH, Latviya va boshqa mamlakatlarda esa yana qariyb 1,4 milliard dollar saqlanayotganini ma’lum qilgan edi. 2025 yil fevralida Shveysariya O‘zbekistonga 182 million dollarni qaytarishi e’lon qilindi. Bu mablag‘lar Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi doirasida 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan musodara qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sud pora Gulnora Karimova pul yuvish Shveytsariya Federal jinoiy sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing