Ozarbayjon va Rossiya Aqtaudagi aviahalokat bo‘yicha kelishib oldi

Olam

image

Ozarbayjon va Rossiya Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida sodir bo‘lgan AZAL samolyoti halokati bo‘yicha masalani yakuniy hal qildi. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni mamlakatlar Tashqi ishlar vazirliklari qo‘shma bayonot berdi.

“Tomonlar 2024 yil 25 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi havo hududida havo hujumidan mudofaa tizimining bexosdan ishlab ketishi oqibatida Aqtau shahri yaqinida sodir bo‘lgan “Azerbaijan Airlines” (AZAL) kompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti halokati oqibatlarini bartaraf etish, jumladan, tovon puli to‘lash masalasida tegishli kelishuvga erishdilar”, deyiladi bayonotda.

Unda aytilishicha, qo‘yilgan qadamlar ittifoqchilik aloqalari doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama niyatni tasdiqlaydi.

“Biz aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur ta’ziya izhor etamiz va ushbu fojiadan jabr ko‘rgan barchaganing dardiga sherikmiz”, deya bayonot berdi ikki davlat TIVlari.

Eslatib o‘tamiz, Embraer samolyoti 2024 yilning 25 dekabr kuni Baku–Grozniy reysini amalga oshirayotib, Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan edi. Fojia oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan. Ozarbayjon tomoni samolyot Rossiya Havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilganini da’vo qilgan. Bu voqea Moskva va Baku munosabatlarida keskin nuqtaga olib keldi. Prezident Ilhom Aliyev aybdorlarni jazolash va halok bo‘lganlarning oilalariga, shuningdek, AZAL’ga ham tovon to‘lanishini talab qilgan edi. Keyinroq Rossiyaning “AlfaStraxovaniye” sug‘urta kompaniyasi AZAL’ga samolyotning to‘liq sug‘urta qiymati – 1 milliard 3 million rubl (taxminan 12,34 million dollar) to‘lab bergani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning qarindoshlariga jami 358,4 million rubl (taxminan 4,4 million dollar) to‘lab berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon aviahalokat AZAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing