Ozarbayjonda teraktning oldi olindi: Neft quvuri va Isroil elchixonasi omon qoldi (video)
Olam
−
08 mart 9150 2 daqiqa
Ozarbayjon xavfsizlik idoralari mamlakatda Eronga bog‘liq bo‘lgan terrorchilik rejalarini bartaraf etganini ma’lum qilgan. Boku tomonidan e’lon qilingan videolarda maxsus operatsiya davomida musodara qilingan qurilmalar, jumladan S-4 turidagi kuchli portlovchi moddalar namoyish etilgan. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Ma’lum qilinishicha, operatsiya Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan qarshi razvedka tadbirlari natijasida amalga oshirilgan. Terror rejalari doirasida bir nechta muhim ob’ektlar — Boku-Tbilisi-Jeyhon neft quvuri, Isroil elchixonasi, yahudiy jamoasi rahbarlaridan biri hamda Ashkenaziy sinagogasi nishonga olinishi rejalashtirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi moddalar Eron fuqarolari tomonidan mahalliy sheriklar yordamida mamlakatga yashirin olib kirilgan. Bokuning Saboil tumanidagi Shixov hududi yaqinidan 7,7 kilogrammdan ortiq S-4 portlovchi modda topilgan. Shuningdek, Qaradog‘ tumanida masofadan boshqariladigan portlovchi qurilma ham aniqlangan.
Operatsiya natijasida bir nechta gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Ulardan to‘rt nafari terrorchilik rejasida ishtirok etgani uchun olti yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qolgan shaxslar esa suiqasd tayyorlash va noqonuniy qurol saqlash kabi ayblovlar bo‘yicha tergov ostida.
Ozarbayjon rasmiylari bu operatsiya ortida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador shaxslar turganini bildirgan. Ulardan biri — polkovnik Ali Asg‘ar Bordbar Sheramiy asosiy tashkilotchilardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. Bir nechta eronliklar xalqaro qidiruvga berilgan.
Bu xabar Eronning mamlakatga dronlar bilan hujum uyushtirgani ortidan yangradi. Hujum oqibatida to‘rt nafar tinch aholi jabrlanib, Naxichevon xalqaro aeroporti va yaqin atrofdagi maktabga zarar yetgan. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev buni terrorchilik harakati deb baholab, mamlakatga qarshi har qanday yangi hujum “temir musht” bilan javob qaytarilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Eron tomoni 5 mart kuni Naxichevonga qilingan hujumni jiddiy tekshirishga va’da berganini aytgan edi.
Live
Barchasi