Platini Infantinoni sudga berdi

Sport

image

Yevropa futbol ittifoqi (UEFA)ning sobiq prezidenti Mishel Platini FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi jinoiy shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda “L’Equipe” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA’ning sobiq yuridik direktori Marko Villiger hamda tashkilotning audit va muvofiqlik qo‘mitasining sobiq raisi Domeniko Skala ustidan ham shikoyat berilgan.

Platinining ta’kidlashicha, ular “uning 2016 yilda FIFA prezidenti etib saylanishiga to‘sqinlik qilish uchun harakat qilgan”.

Jinoiy shikoyatdan tashqari, 70 yoshli funksioner Marsel sudida FIFA’dan tovon puli undirishni talab qilib, fuqarolik da’vosini ham kiritgan. Ish Platinining prezidentlik faoliyati davomida olgan maoshlari bilan bog‘liq.

Bungacha Platini Infantinoga qarshi ikki marta shikoyat kiritgan. Biroq ular Shveysariya sudi tomonidan da’vo muddati tugagani sababli rad etilgan yoki ish yurituvi to‘xtatilgan.

Ma’lumot uchun, Mishel Platini 2007-2015 yillarda UEFA prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. U FIFA’dagi korrupsiyaga oid tergovlar ortidan o‘z lavozimidan chetlatilgan. 2015 yil dekabr oyida FIFA Axloq qo‘mitasining sud palatasi uni 8 yil muddatga futbol faoliyatidan chetlatish haqida qaror chiqargan. Keyinchalik, mazkur jazo muddati 4 yilga qisqartirilgan.

2023 yil yanvar oyida Bellinsona sudi Platinini firibgarlik ayblovlari bo‘yicha oqlagan. Shveysariya va Fransiya fuqarolariga qarshi firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish, qonunbuzarlik hamda hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha sud jarayoni 2022 yil iyul oyida yakunlangan edi.

2025 yil mart oyida esa, Shveysariya Federal jinoyat sudining Apellyatsiya palatasi prokuraturaning Platinini firibgarlik ayblovlari bo‘yicha oqlash qarori bo‘yicha bergan shikoyatini rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Janni Infantino Mishel' Platini FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing