Portugaliya terma jamoasi murabbiyi ishdan ketadi – OAV
Sport
−
16 iyun 7761 1 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng o‘z lavozimini tark etadi. Bu haqda jurnalist Ben Yakobs xabar berdi.
Jurnalistning ma’lum qilishicha, ispaniyalik mutaxassis Jahon chempionatidan keyin yakunlanadigan shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgan. Uning ketishi Portugaliya terma jamoasining turnirdagi natijalariga bog‘liq emas.
Roberto Martines 2023 yil yanvaridan buyon Portugaliya terma jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning rahbarligi ostida jamoa Jahon chempionatiga muvaffaqiyatli yo‘llanma oldi hamda 2024-2025 yilgi UEFA Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. Shuningdek, u afsonaviy jamoa sardori Krishtianu Ronalduga tarkibdagi o‘rnini ishonib topshirishda davom etdi.
Ma’lumot uchun, Portugaliya 2026 yilgi Jahon chempionatida “K” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, unda Kongo Demokratik Respublikasi, O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Roberto Martines boshchiligidagi jamoa turnirdagi ilk uchrashuvini ertaga, 17 iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkazadi. O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi uchrashuv esa 23 iyun kuniga belgilangan. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 22:00 da start oladi.
Live
Barchasi