PSJning CHLdagi g‘alabasidan so‘ng Fransiyada muxlislar to‘polon qildi (video)

Sport

image

Kecha, 30 may kuni Chempionlar ligasi final uchrashuvida “Pari Sen-Jermen” (PSJ) Londonning “Arsenal” klubi ustidan g‘alaba qozonganidan keyin politsiya xodimlari va futbol muxlislari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida Fransiyada 416 kishi hibsga olindi. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunesning bayonotiga tayanib, “Le Figaro” xabar berdi.

Eng ko‘p qo‘lga olinganlar Parij shahrida qayd etilgan – 283 kishi. Vazirning ma’lum qilishicha, Fransiyaning 15 ta shahrida turli infratuzilma ob’ektlariga zarar yetkazilgan. Renn, Strasburg, Klermon-Ferran va Grenobl shaharlarida do‘konlarni talon-toroj qilish holatlari kuzatilgan.

Chempionlar ligasi finali Budapeshtda bo‘lib o‘tdi. O‘yin translyatsiyasi, shuningdek, PSJning uy arenasi – “Park de Prens” stadionida ham tashkil etildi. IIV ta’kidlashicha, fanatlar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hali o‘yin boshlanishidayoq, 150 ga yaqin kishi Parij stadioniga kuch bilan yorib kirishga uringan paytda boshlangan. “Le Figaro” ma’lumotlariga ko‘ra, olomon politsiyachilarga qarata pirotexnika vositalarini otgan, politsiya esa arenaga bostirib kirmoqchi bo‘lganlarni ortga chekintirgan.

To‘qnashuvlar uchrashuv yakunlanganidan keyin ham davom etgan. Politsiya fanatlarni tarqatish uchun ko‘zni yoshlatuvchi gazdan foydalangan. “Park de Prens” atrofidagi tartibsizliklar oqibatida nonvoyxona va restoranga shikast yetgan, to‘qnashuv qatnashchilari velosipedlardan barrikadalar (to‘siqlar) qurgan. Bir necha yuz kishi Parij aylanma avtomobil yo‘lini (Périphérique) to‘sib qo‘yib, undagi harakatni vaqtinchalik falaj qilgan. Oqibatda yo‘l-transport hodisasi yuz berib, skuter haydovchisi va uning yo‘lovchisi jarohatlangan. Yelisey maydoni hududida esa fanatlar velosipedlarga o‘t qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Arsenal PSJ Pari Sen-Jermen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing