Rossiya benzin eksportiga taqiqni yana uzaytirdi
Olam
−
27 dekabr 2025 3297 2 daqiqa
Rossiya hukumati benzin, dizel yonilg‘isi va yonilg‘ining boshqa turlarini eksport qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni uzaytirdi. Bu haqda bugun, 27 dekabr kuni mamlakat Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Hukumat ichki yonilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Xususan, yangi qaror bilan avtomobil benzinini mamlakat tashqarisiga olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq 2026 yil 28 fevralgacha uzaytirildi”, deyiladi xabarda.
Mazkur chora barcha eksport qiluvchilarga, jumladan, bevosita ishlab chiqaruvchilarga ham tatbiq etiladi. Shu sanagacha dizel yonilg‘isi, shuningdek, kema yonilg‘isi va boshqalarni, jumladan, birja savdolari orqali sotib olinganlarni eksport qilishga qo‘yilgan taqiq ham uzaytirilgan. Hukumatning aniqlik kiritishicha, bu cheklovlar neft mahsulotlarini bevosita ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada dastlab bu chora joriy yil iyul oyining oxirida mamlakatning o‘nlab hududlarida benzin tanqisligi yuzaga kelgani va birjada yonilg‘i narxlari rekord darajada oshgani fonida joriy etilgan edi. Cheklovlarning birinchi bosqichida ular faqat treyderlar, neft bazalari va yillik ishlab chiqarish hajmi 1 mln tonnadan kam bo‘lgan kichik neftni qayta ishlash zavodlariga taalluqli bo‘lgan. Avgust oxirida hukumat taqiqni 2025 yil 30 sentyabrgacha, keyin esa 2025 yil oxirigacha uzaytirdi. Kuzda shunga o‘xshash cheklovlar dizel yonilg‘isi, kema yonilg‘isi va boshqalar eksportiga ham tatbiq etildi, jumladan birjada sotib olingan mahsulotlarga ham.
Ichki yonilg‘i bozoridagi vaziyatning keskinlashuvi Ukraina Qurolli Kuchlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) bergan zarbalari fonida yuz berdi. Avgust boshidan buyon 20 dan ortiq NQIZ zarbaga uchradi, ularning bir qismi qisman yoki to‘liq ishdan chiqqan. “Bloomberg” bahosiga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi sutkasiga 4,86 mln barrelgacha kamaydi – bu iyul oyiga nisbatan qariyb 10 foiz kam va kamida so‘nggi besh yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.
Shu fonda kamida 57 ta mintaqa aholisi benzin tanqisligiga duch keldi, ayrim hududlarda esa hokimiyat bir kishiga sotiladigan yonilg‘i hajmiga cheklovlar joriy qildi. Oqibatda hukumat neft mahsulotlari eksportidan voz kechdi, Belarusdan benzin xaridlarini oshirdi hamda Xitoy va boshqa Osiyo davlatlaridan yonilg‘i importini boshladi.
Live
Barchasi