Rossiyada odam o‘ldirgan o‘zbekistonlikka 1 yil shartli qamoq jazosi berildi
Olam
−
19 noyabr 9544 2 daqiqa
Rossiyaning Moskva viloyatidagi Shyolkovo shahrida 49 yoshli kar-soqov erkakni o‘rib o‘ldirib qo‘ygan, 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga 1 yillik shartli qamoq jazosi tayinlandi. Jasadni yashirishga yordam bergan sherigi esa mamlakatdan deportatsiya qilindi. Bu haqda “Moskva onlayn” xabar berdi.
Voqea joriy yilning 20 iyul kuni yuz bergan. Marhum metall qidirib yurgan ikki kishiga imo-ishora bilan tanbeh bergan. Migrantlar buni haqorat deb tushungan va ulardan biri kar-soqov erkakni bir necha bor kaltaklagan. Jabrlanuvchi yiqilib, boshidan olgan og‘ir jarohatlar tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.
Hodisa sodir bo‘lgach, ikki erkak jasadni yon tomonga sudrab, izlarini yashirishga uringan. Ko‘p o‘tmay ular qo‘lga olingan. Ulardan biri qotillikda ayblangan bo‘lsa, ikkinchisi jinoyat izlarini yo‘qotish moddasi bilan javobgarlikka tortilgan.
Xabarda aytilishicha, dastlab tergov gumonlanuvchining xatti-harakatlarini “qasd bilan og‘ir tan jarohati yetkazish” deb baholagan. Ammo keyinchalik ayblov “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” moddasiga yengillashtirilgan. Shu sababli hukm ham yumshatilgan.
Marhumning qarindoshlari sud qarorini keskin tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, marhum erkak janjalga sabab bo‘luvchi xech qanday harakat sodir etmagan, tergov esa bu holatni inobatga olmay, sudlanuvchilarga yon bosgan.
Eslatib o‘tamiz, 2 noyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi “Filatov lug” turarjoy majmuasida migrantlar o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga politsiya xodimlari yetib borib, hodisada ishtirok etgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib borilgan.
Komila Qobilova
Live
Barchasi