Rossiyadan qaytayotgan o‘zbekistonliklar Qozog‘istonda qolib ketdi (video)
Olam
−
14 yanvar 50635 1 daqiqa
Bugun, 14 yanvar kuni Rossiyadan Qozog‘iston orqali harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi Shimoliy Qozog‘iston viloyatida joylashgan Mamlyutka-Qostanay avtomagistralida 30 daraja sovuq sababli nosozlikka uchrab, yo‘lda qolib ketdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, “Inbusiness.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tyumen-Chimkent yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus texnik nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Oqibatda 18 nafar yo‘lovchi vaqtincha yo‘lda qolib ketgan. Voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borgan Favqulodda vaziyatlar departamenti xodimlari avtobusdagi barcha yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan. Ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan.
Evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar yaqin atrofda joylashgan isitish markaziga olib borilgan va vaqtincha boshpana hamda zarur sharoitlar bilan ta’minlangan. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, hozirda yo‘lovchilarning hayoti va sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston havo hududida O‘zbekiston va Rossiya samolyotlari to‘qnashib ketishiga sal qolgani haqida xabar berilgandi.