Rossiyaning urushdagi tasdiqlangan yo‘qotishlari 150 mingdan oshdi

Olam

image

Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri Rossiya armiyasining tasdiqlangan yo‘qotishlari 152 142 nafarga yetdi. Bu raqamlar ochiq manbalarni muntazam kuzatish asosida BBC’ning Rus xizmati va “Mediazona” tomonidan keltirilgan.

Eng ko‘p halok bo‘lganlar Boshqirdiston (7643 kishi), Tatariston (6599) va Sverdlovsk viloyati (5386) hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun: aholisi 13 milliondan ortiq bo‘lgan Moskvadan 4520 harbiy halok bo‘lgan, Chechenistondan esa 372 kishi. Statistikaga faqat Rossiya fuqarolari kiritilgan. DNR va LNR aholisi orasidagi yo‘qotishlar hisobga olinmagan.

Halok bo‘lganlarning katta qismi – 67 foizi qishloqlar, ovullar va aholisi 100 mingdan kam bo‘lgan kichik shaharlardan bo‘lgan. Holbuki 2021 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining yarmidan kamrog‘i ana shunday joylarda yashaydi. Demograf Aleksey Raksha buni iqtisodiy omillar bilan izohlaydi. Uning fikricha, depressiv hududlarda harbiy xizmat barqaror daromadning kam sonli manbalaridan biri sifatida ko‘riladi.

Chikago universiteti iqtisodchisi Aleksey Zaxarovning qayd etishicha, yo‘qotishlar darajasini belgilaydigan asosiy omil – mahalliy byudjetlarning federal subsidiyalarga qanchalik qaramligi.

“Qaysi bir munitsipalitet iqtisodida davlat sektori ulushi katta bo‘lsa, u yerdan urushga jo‘natilgan va halok bo‘lganlar soni ham shuncha ko‘p bo‘ladi”, deydi u.

Joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida Britaniya razvedkasi Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarini (halok bo‘lganlar va yaralanganlar) qariyb bir million deb baholagan. Shundan 250 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Londonning bahosiga ko‘ra, “qaytmas” yo‘qotishlar (halok bo‘lganlar, bedarak yo‘qolganlar va safga qaytolmaydigan darajada og‘ir yaralanganlar) 400-500 ming kishi oralig‘ida.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham 2025 yilda yo‘qotishlarning keskin oshgani haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida Rossiyadan taxminan 100 ming kishi halok bo‘lgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa avgust oyida aniqlik kiritib, o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Rossiya 112 mingdan ortiq askarini yo‘qotganini, Ukrainadan esa taxminan 8 ming askar halok bo‘lganini bildirgan.

“The Economist” o‘z tahlilida faqat 2025 yilning 1 mayidan 9 iyuligacha Rossiya 31 mingga yaqin kishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini, urush boshidan beri mamlakatning jami yo‘qotishlari 900 mingdan 1,3 milliongacha yetishini, shulardan 190-350 ming nafari “qaytmas” yo‘qotishlar ekanini qayd etadi. Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ham shunga yaqin hisob-kitoblarni keltirgan. Ularning bahosiga ko‘ra, Rossiyaning yo‘qotishlari qariyb bir million kishi bo‘lib, shundan 250 mingi halok bo‘lgan, yana 400 mingga yaqin askar og‘ir yaralanib, nogironga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing