“Sea Breeze Uzbekistan” bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkaziladi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23 yanvar kuni soat 10:00 da Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida “Sea Breeze Uzbekistan” turistik majmuasi qurilishi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Davlat ekologik eskpertizasi markazi xabar berdi.

Loyiha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘i hududida joylashgan bo‘lib, turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi.

Bildirilishicha, mazkur jamoatchilik eshituvlari loyihasi doirasida:

  • hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari;
  • atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir;
  • chiqindilarni boshqarish;
  • yashil hududlar va suv ob’ektlarini muhofaza qilish;
  • ekologik xavfsizlik choralari va monitoring masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilmoqda.

“Loyiha hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi ekologik qonunchiligi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalaringizni jamoatchilik eshituvlari davomida yoki yozma shaklda taqdim etishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Loyiha bo‘yicha taklif va murojaatlarni quyidagi raqamlar orqali yuborish mumkin:

  • Tashkiliy masalalar bo‘yicha: Mars Xegay – (+998 90) 348-11-55
  • OAV va blogerlar bilan ishlash bo‘yicha: Nigina Omonova – (+998 99) 315 10 05, O‘roz Abdurazzoqov – (+998 90) 799-99-97.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 14 aprel kuni ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Chorvoq” suvombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi loyihasini taqdim qilgandi. Shundan so‘ng turizm markazi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 gektar yer uchastkasining Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan qismlari “Agalarov Development” MCHJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga 25 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. U yerda 2025-2035 yillarda qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasi barpo etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Chorvoq Sea Breeze Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing