Shavkat Mirziyoyev “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi bilan tanishdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.

Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma ob’ektlari quriladi.

Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.

Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etilgan.

Mamlakatning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqilgan.

Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirilgan.

Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berilgan. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.

Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tarixni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.

Loyihalar davlat rahbari tomonidan ma’qullangan, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yangi Toshkent Buyuk Ipak yo'li loyihasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing