Shavkat Mirziyoyev Quvaytdagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirdi
Jamiyat
−
18:17 1428 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Quvayt davlati valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma ob’ektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirilgan. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston birodar Quvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani ta’kidlangan.
Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tug‘diradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi qayd etilgan.
Fursatdan foydalanib, davlat rahbari u yerda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytgan. Shuningdek, Quvayt Amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh A’loga iliq salomlarini yo‘llagan.
O‘z navbatida Quvayt valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan do‘stona qo‘llab-quvvatlash va birdamlik tuyg‘ulari uchun O‘zbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said bilan telefon orqali suhbatda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilgan edi.