Shavkat Mirziyoyev “Kelajak suvi” dasturini ishga tushirishni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etdi. Bu haqda u bugun, 22 aprel kuni Ostonada o‘tkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitidagi nutqida so‘z ochdi.

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi mamlakatlar mustaqilligining ilk davrida Markaziy Osiyodagi suv bilan bog‘liq, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik sohalardagi eng muhim masalalarni hal etish uchun tashkil etilgan noyob mintaqaviy tuzilma bo‘lib qolmoqda. Jamg‘arma mintaqada sifat jihatdan yangi davlatlararo munosabatlarni qaror toptirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.

Yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro hamkorlik tizimi tufayli jamg‘arma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlashga erishgan. Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim o‘zgarishlari va suv iste’moli ko‘payib borayotgan sharoitda jamg‘armaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda.

Ekspertlarning baholariga ko‘ra, 2040 yilga borib Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar – yiliga 20 milliard kub metrgacha oshishi mumkin. Bu ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya, agrar sektor, energetika va ijtimoiy barqarorlik uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi.

“Shunday bir paytda mamlakatlarimiz suv resurslaridan foydalanish samaradorligi bo‘yicha eng quyi o‘rinlarni egallab turibdi. Qishloq xo‘jaligida bir dollar miqdoridagi qo‘shilgan qiymatni yaratish uchun davlatlarimiz deyarli uch kub metr suv sarf etmoqda, dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ikki barobar kam”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat suv-energetika va ekologiya sohalarida puxta o‘ylangan hamda kompleks yechimlarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.

Kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev mamlakat raisligining ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot bergan.

Birinchi. Jamg‘armaning faoliyatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish. Yaratilgan poydevor asosida jamg‘armaning tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni ta’minlash zarur. Shu maqsadlar uchun tashkil etilgan mintaqaviy ishchi guruhi 15 ta majlis o‘tkazdi. Jamg‘arma faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi, uning vazifa va funksiyalari yanada aniq belgilab olingan. Endi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olgan holda uning tuzilmasi, normativ-huquqiy baza va moliyalashtirish mexanizmlarini kelishib olish zarur. Jamg‘arma organlarining vakolatlarini kengaytirish, maqomi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlanadi. 

“Ishonchim komilki, ushbu masalalarning barchasi bo‘yicha oqilona murosaga kelamiz. Qardosh Qirg‘iz Respublikasining Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatidagi to‘laqonli ishtiroki qayta tiklanishiga chin dildan umid qilamiz. Bu jamg‘armaning yanada mutanosib va uzoq muddatli qarorlar qabul qilishiga xizmat qiladi”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Ikkinchi. Jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uyg‘unlashtirish. Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy rivojlanishning asosiy siyosiy yo‘nalishlarini shakllantirmoqda. Shu bois, mazkur sammitlar qarorlari va Jamg‘arma faoliyati o‘rtasida yaqin aloqani ta’minlash muhimdir. Bu kabi uchrashuvlar davomida oliy darajada kelishilgan barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari jamg‘armaning tarmoq mexanizmlari orqali ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.

Uchinchi. Jamg‘arma dastur va loyihalari samaradorligini oshirish. Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur doirasida 34 ta mintaqaviy loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, bugungi kunga qadar uning natijadorligini baholash bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston dastur ijrosi monitoringiga samaradorlikning hal qiluvchi indikatorlarini kiritishni taklif etadi. Bu ijobiy o‘zgarishlarni kuzatish, muammoli jihatlarni aniqlash hamda xalqaro hamkorlardan qo‘shimcha mablag‘ va texnik ko‘mak jalb etishga yordam beradi.

To‘rtinchi. Jamg‘armaning ustuvor dasturlari uchun mavjud ta’sirchan moliyalashtirish vositalaridan foydalanish. Masalan, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi platformasidan foydalanishni taklif etiladi. U moliyaviy resurslarni jamlash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega.

“Biz Trast fondining mandati va geografik qamrovini birgalikda butun Orol dengizi havzasiga kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishimiz mumkin. Bu barcha davlatlar hududida hayotiy muhim ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun maqsadli investitsiyalarni yo‘naltirish imkonini beradi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Beshinchi. Jamg‘arma va boshqa mintaqaviy tuzilmalar o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi suv-energetika masalalari, muzliklar va tog‘ ekotizimlarini saqlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha samarali mintaqaviy platformalar bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur. Xususan, jamg‘armaga Toshkentdagi Yashil universitet qoshidagi Cho‘llanishga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda maqsadli loyihalarni amalga oshirishni taklif etiladi.

Oltinchi. Mintaqa xalqlarining suvga hayot manbai sifatida ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish borasidagi ko‘p asrlik an’analarini qayta tiklash. Agar jamiyatning suvga bo‘lgan munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Uzluksiz ta’lim tizimi orqali – maktabgacha ta’lim darajasidan to mutaxassislarni tayyorlashgacha – suvdan oqilona foydalanishni har bir kishining kundalik odatiga, umumiy madaniy kodga aylantirishga intilish lozim.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev asosiy qismi fermerlar va sanoatchilarni suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga amaliy jihatdan o‘rgatadigan “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini ishga tushirishni taklif etgan.

“Shuni ta’kidlamoqchiman: ushbu ustuvor yo‘nalishlarning barchasini hayotga tatbiq etish uchun xalqaro sheriklar, moliya institutlari va ekspert-tahliliy tuzilmalar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, uni iqlim, ekologiya, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikka jalb etish muhimligiga alohida e’tibor qaratgan.

“Bugungi kunda Afg‘onistonda qirg‘oqlarni mustahkamlash va melioratsiya ishlarini olib borish uchun xalqaro donorlarning moliyaviy mablag‘larini jalb etish dolzarbdir.

Istiqbolda Orol havzasidagi barcha mamlakatlar, shu jumladan, Afg‘onistonning huquq va majburiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirish zarur”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yana 7 ta aniq taklifni ilgari surdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi Kelajak suvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing