Sirdaryo va Jizzahda bemorlardan asossiz 440 mln so‘m undirildi

3-sahifa

image

Sirdaryo va Jizzaxda viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 350 minga yaqin fuqarolardan tibbiyot xizmatlari uchun qariyb 440 million so‘mlik asossiz mablag‘ olingani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazilgan o‘rganishlarda muassasa 2024 yil davomida ko‘rik yo‘nalishdagi xizmat turlari bo‘yicha bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani aniqlandi. Ya’ni 110 ta pullik tibbiy xizmat turi bo‘yicha 100 ming nafarga yaqin iste’molchi bilan hisob-kitob qilinib, 340 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingan.

Shu bilan birga, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ham mazkur ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 2023-2024 va 2025 yillar mobaynida pullik tibbiy xizmatlarda noto‘g‘ri hisoblanishi oqibatida 40 ming 500 ga yaqin mijozlardan asossiz ravishda jami 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ olingani aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6 va 21-moddalariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Shuningdek, qonunda sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga hamda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarmalar Maxsus komissiyasilari tomonidan qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, Guliston tibbiyot klasteriga nisbatan 340 million so‘mga yaqin mablag‘ni, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga nisbatan esa 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish majburiyati yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo Jizzax tibbiyot markazi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing