Suv ostidagi tarix: cho‘kib ketgan manzillarga sayohat
Bu qiziq
−
20 Oktabr 7784 8 daqiqa
Suv ostida qolgan shaharlar shunchaki afsona emas. Qadimgi dunyoda ko‘plab sohilbo‘yi sivilizatsiyalari dengiz yoki okean suvlariga g‘arq bo‘lgan, ko‘chalar, uylar va ibodatxonalar to‘lqinlar ostida qolgan.
Suv ostini o‘rganish iloji bo‘lmagani tufayli asrlar davomida bunday joylar haqidagi ma’lumotlar afsonaligicha qolgan. XX asr boshlaridan boshlab okeanografiya va dengiz fanlaridagi yutuqlar suvosti arxeologiyasiga yo‘l ochdi, bu esa olimlarga joylarni xaritalash, artefaktlarni to‘plash va cho‘kib ketgan shaharlar hikoyalariga aniqlik kiritish imkonini berdi.
Dastlabki sohilbo‘yi manzilgohlarining ayrimlari iqlim o‘zgarishi tufayli suv ostida qolgan. Geomorfologik, cho‘kindi va paleontologik ma’lumotlardan foydalangan holda olimlar aniqladilarki, oxirgi muzlik davrining eng yuqori nuqtasida, taxminan 30-20 ming yil avval, dengiz sathi bugungidan qariyb 130 metr pastda bo‘lgan. Bu davr yakunida qutb muzliklari erib, dengiz sathi keskin ko‘tarilgan. Sohilbo‘yida qurilgan ko‘plab qadimgi manzilgohlar suv ostida qolib, tashlab ketilgan. “Cho‘kib ketgan qadimiy shaharlar arxeologiyasi va landshaftlari” loyihasi yaqinda 19 mamlakatda 2 600 ta shunday cho‘kib ketgan joylarni aniqladi. Ular orasida Fransiyaning Marsel shahridagi mashhur devoriy rasmlari bilan tanilgan Kosker g‘ori ham bor. G‘orning kirish joyi hozirda taxminan 30 metr chuqurlikda joylashgan.
Beqaror zamin
Insonlar Yer sayyorasini “qattiq zamin” deb atashadi, ammo bu haqiqatdan yiroq. Aslida, sayyora uzluksiz geologik siljish jarayonida, tabiiy buzilish va qayta tiklanish orqali doimiy o‘zgarishda. Tektonik plitalar harakati natijasida zilzila, vulqon, sunami va boshqa seysmik hodisalar sayyorani titratishi, yemirishi, suyuqlashtirishi yoki hatto suvga g‘arq qilishi mumkin.
Tarix bunday geologik o‘zgarishlarning bir qanchasiga guvoh bo‘lgan. O‘tmishda odamlar bu hodisalarni diniy sabablarga ko‘ra ilohiy jazoga yo‘yishgan. Bugun esa odamlar shaharlarni suv ostida qoldirgan bu tabiiy hodisalarga ilmiy tushuntirish izlaydi.
Seysmik faollik bir necha bor sohilbo‘yi hududlari va butun shaharlarning yo‘qolishiga sabab bo‘lgan. Kuchli zilzila yoki uning oqibatidagi sunamilar shaharlarni butunlay yo‘q qilib yuborishi mumkin. Masalan, miloddan avvalgi 373 yilda yunon shahri Gelika shunday qismat bilan yuzlashgan. Oradan 7 asr o‘tib, 365 yilda Krit orolida O‘rta yer dengizi tarixidagi eng kuchli zilzila yuz bergan. Taxminan 8,3 magnitudali bu zilzila O‘rta yer dengizi bo‘ylab ko‘pgina sunamilarni keltirib chiqargan, Misrning Iskandariya va hozirgi Liviya hududidagi Apolloniya kabi port shaharlarini vayron qilgan.
Bu kabi dahshatli silkinishlardan ham ko‘proq tarqalgan hodisa bu – cho‘kish, ya’ni Yer qobig‘ining seysmik yoki vulqon faolligi natijasida asta-sekin pastga tushish jarayoni. Cho‘kish oqibatida dengiz ichkariga kirib boradi va yo‘lida uchragan har qanday bino yoki manzilgohni yutib yuboradi. Bunday tabiiy jarayonlar tarixda ko‘plab sohilbo‘yi manzillarining butunlay yoki qisman yo‘qolishiga olib kelgan. Qoldiq va xarobalar suv ostida bo‘lgani uchun, arxeologlar o‘tgan asrgacha ularni chuqur o‘rganish imkoniga ega emasdi.
O‘rta yer dengizi havzasi, shu jumladan, Qora dengiz to‘lqinlari ostida ko‘plab yodgorliklar mavjud. Bu cho‘kib ketgan joylar hozirda zamonaviy suvosti arxeologlari uchun “ov maydoni”ga aylangan. Olimlar SONAR (tovush to‘lqinlari yordamida suv ostidagi ob’ektlarni aniqlash, joylashuvini o‘lchash va masofani belgilash tizimi), robototexnika, 3D skanerlash va suvosti kameralaridan foydalanmoqda.
Pavlopetri: cho‘kib ketgan eng qadimiy shahar

Janubiy Peloponnes yarimorolida joylashgan Pavlopetri shahri taxminan miloddan avvalgi 3 500 yillarda neolit davri manzilgohi sifatida paydo bo‘lgan va keyinchalik Qadimgi Yunonistonning muhim savdo markaziga aylangan. Egey dengizi mintaqasi zilzila va sunamilarga moyil bo‘lib, shaharning asta-sekin cho‘kib ketishiga olib kelgan. Sohil yaqinidagi binolar dengiz bo‘roni va sunamilar oqibatida vayron bo‘lgan. Shahar bundan 3 000 yildan ham ko‘proq vaqt avval O‘rta yer dengizidagi suv sathining ko‘tarilishi oqibatida qolgan.

Shahar qoldiqlari Lakoniya oroli asrlar davomida taxminan 4 metr chuqurlikda qalin qum ostida ko‘rinmas holatda yotgan. So‘nggi o‘n yilliklarda oqim va iqlim o‘zgarishi Pavlopetri shahrini pana qilib turgan to‘siqni yemira boshladi. Shahar qoldiqlari ilk marta 1967 yilda dengiz sathi o‘zgarishlarini tahlil qilayotgan ilmiy ekspeditsiya a’zosi, britaniyalik okeanograf Nikolas Flemming tomonidan aniqlangan. Bir yil o‘tib, u bir necha talabalar bilan qaytib kelib, joyni o‘rgandi va xaritasini chizdi. Jamoa 15 ga yaqin bino, hovli, ko‘chalar tarmog‘i va ikki kamerali qabrni aniqladi.
2009 yilda bir necha arxeologlar va Yunoniston hukumati hamkorlikda Pavlopetri qazishmalarini qayta boshladi. Bu vaqtga kelib, suvosti arxeologiyasi texnikasi va vositalari 1960 yillardagiga nisbatan ancha taraqqiy etgandi. Jamoa manzilni o‘rganish uchun robototexnika, SONAR xaritalash va ilg‘or grafik texnologiyalardan foydalandi hamda 2013 yilgacha suv ostidagi qadimiy shaharni yuzaga chiqarishga erishdi. Taxminan 2,5 gektar maydonni egallagan Pavlopetrining uchta asosiy ko‘chasi 50 ga yaqin to‘rtburchak shaklidagi binolarni bog‘lagan, ularning barchasida ochiq hovlilar mavjud edi.
Fanagoriya: Qora dengiz tubida qolgan shahar

Miloddan avvalgi 540 yillarda fors imperiyasidan qochib kelgan ioniyalik yunonlar Qora dengiz sohillarida, hozirgi Rossiyaning Krasnodar shahri yaqinidagi Taman yarimorolida bir shahar qurishgan. U muhojirlardan biri sharafiga Fanagoriya deb atalgan. Shahar dengiz savdosi tufayli tez orada boyib, gullab-yashnagan. Miloddan avvalgi IV asrda shahar atrofdagi hududlarning ko‘p qismini boshqargan yunon-skif davlati Bospor qirolligining bir qismiga aylandi va oxir-oqibat qirollikning sharqiy poytaxtiga aylandi. Keyinchalik bu hudud Rim nazorati ostiga o‘tdi, biroq Fanagoriya gullab-yashnashda davom etdi.

Milodiy birinchi ming yillikda Fanagoriyaning taqdiri o‘zgara boshladi. Hududdagi kuchli seysmik faollik va loy vulqonlari shahar ostidagi tuproqni zaiflashtirib, cho‘kishiga sabab bo‘ldi. Qora dengiz suvlari shaharga bostirib kirgach, uning bir qismi suv ostida qoldi. Qolgan qismlar esa bosqinlar oqibatida vayron bo‘ldi va mintaqadagi ahamiyatini yo‘qotdi.
Fanagoriya xarobalari 1800 yillarda aniqlangan, ammo faqat quruqlikdagi joylar o‘rganilgan edi. 1950 yillarda qadimiy shahar maydonining taxminan 60 gektari suv ostida ekanligi tasdiqlandi. Texnologiyalar rivojlangan sari Fanagoriyadagi topilmalar ham oshib bordi. 2004 yilda milodiy III-IV asrlarga tegishli mayoq yoki kuzatuv minorasi ekani taxmin qilingan yirik sohil inshooti qoldiqlari topildi. 2012 yilda esa arxeologlar shaharning port qismini aniqladi. Shuningdek, miloddan avvalgi I asrga oid, juda yaxshi saqlangan kichik harbiy kema topildi.
Gerakleon va Kanopus: Misrning yo‘qolgan dengiz portlari

Qadimgi Misrning Gerakleon va Kanopus deb nomlangan eng muhim ikki porti taxminan 1 200 yil avval Abu-Kir ko‘rfazi suvlari ostiga cho‘kib ketgan. Olimlar Nil deltasi hududida joylashgan bu ikki shahar dengiz sathining ko‘tarilishi va doimiy seysmik faollik tufayli cho‘kib ketgan deb hisoblaydi.
Gerakleon yirik savdo markazi bo‘lib, butun O‘rta yer dengizidan kelgan tovarlar uchun darvoza vazifasini bajargan. Miloddan avvalgi VIII asrdan boshlab manbalarda tilga olingan bu shahar, milodiy 331 yilga kelib Iskandariya shahri muhim savdo markaziga aylangach, asta-sekin inqirozga yuz tutgan.
Suvosti arxeologi Frank Goddio va Yevropa Suvosti arxeologiyasi instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida 2000 yilda Gerakleon xarobalari topildi. Bu joyda mashhur Amon-Gereb ibodatxonasi, uning tashqi devorlari va kirish qismida balandligi 4,5 metrdan ortiq bo‘lgan uchta ulkan haykal aniqlangan. So‘nggi yigirma yildan ortiq davom etayotgan arxeologik tadqiqotlar shaharga oid ko‘plab sirlarni ochib berdi. Suv yo‘llari, kichik ibodatxonalar, ko‘plab kema qoldiqlari va yuzlab tosh langarlar bu port bir vaqtlar yunon savdogarlari uchun serharakat savdo markazi bo‘lganini tasdiqlaydi.

Kanopus esa Ptolemeylar davridagi Misrning muhim diniy markazi bo‘lgan. U yerda yunon va misr xudolari xususiyatlarini birlashtirgan Serapis xudosiga bag‘ishlangan ulkan ibodatxona joylashgan edi. Qadimgi dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilar bu ibodatxonada sajda qilish uchun Kanopusga kelishgan. 1933 yilda misrlik olim shahzoda Umar Tussun baliqchilar va ingliz uchuvchisi ko‘rsatmalariga asoslanib, u yerda ilk arxeologik tadqiqotni o‘tkazgan. 1999 yilda esa Goddio jamoasi Abu-Kir qo‘ltig‘ini o‘rganish jarayonida bu joyni topib, uni yo‘qolgan Kanopus shahri sifatida tasdiqladi.
Epidavr: dengiz bo‘yidagi villa

Butun dunyoga o‘zining ulug‘vor teatri bilan tanilgan yunon shahri Epidavr qachonlardir Argolid yarimorolining eng muhim savdo portlaridan ham edi. Rim imperiyasi davrida unumdor yer va dengizga qulay chiqish imkoniyatidan foydalangan holda, sohil bo‘ylab ko‘pgina dengiz saroylari qurilgan. Shahar tashqarisida joylashgan bu aholi punktlari qishloq xo‘jaligi, vino, zaytun yog‘i va rimliklar orasida juda qadrlangan baliq sousi – garum ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Aholi mehnatsevar bo‘lsa-da, ularning uy-joylari qulay, hatto hashamatli bo‘lgan, topilmalarda hammomlar, dam olish joylari va mehmonxonalar bo‘lgan.

Milodiy V asrda, qurilganidan bir asr o‘tib, bu villalardan biri Agios Vlasios qo‘ltig‘i suvlari ostida qolgan. Bu hodisa hududdagi kuchli seysmik faollik va dengiz sathining ko‘tarilishi tufayli sodir bo‘lgan. 1967 yilda okeanograf Nikolas Flemming mazkur hududdagi bir necha suvosti tuzilmalarini hujjatlashtirdi. 1971 yilda arxeolog Xaralambos Kritzas mahalliy aholi “cho‘kib ketgan shahar” deb ataydigan joyni aniqladi, bu joy ham aslida Rim davriga oid sohil villasi qoldiqlari ekani ma’lum bo‘ldi.

Sohildan atigi 45 metr uzoqlikda va 1,9 metr chuqurlikda joylashgan bu villa xarobalari uchta xonadan iborat. Ulardan biri katta ombor bo‘lib, ichida 20 ga yaqin katta sopol idishlar bo‘laklari topilgan. Bu idishlar vino saqlash va ba’zida fermentatsiya qilish uchun ishlatilgan. Ikkinchi xona vino siqish joyi bo‘lgan ko‘rinadi, uchinchisi esa hammom bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr