Tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi – Biznes-ombudsman

Jamiyat

image

Qurilish sohasidagi korrupsiya haqida tanqidiy fikr bildirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatov aytgan gaplari uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda qurilish sohasidagi korrupsion holatlar haqida fikr bildirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamadovga nisbatan bosim bo‘layotgani to‘g‘risida tarqalgan habarlar yuzasidan holat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingan. 

“Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholanadi”, deyiladi xabarda. 

Biznes-ombudsmanning bildirishicha, har bir tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi va ularning huquqlariga rioya etilishi qonun bilan kafolatlangan. Shu bois, tadbirkorlar duch kelgan muammolarni hal etish Biznes-ombudsmanning ustuvor vazifasi sanaladi.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, tadbirkorlarning ochiq fikr bildirishlari va tanqidiy mulohazalari hukumat islohotlarini yanada takomillashtirishga va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 avgust kuni Savdo sanoat palatasida qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov Toshkent shahrida bitta uy uchun 200 ming dollargacha, Toshkent viloyatida esa 100 ming dollargacha xarajat borligi yuzasidan da’vo bilan chiqqandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Assalomu alaykum” bo‘lmaguncha, loyiha bo‘yicha ruxsatnoma olishning deyarli imkoni yo‘q. Tadbirkor, shuningdek, mutasaddilardan arizalarning asossiz rad etilishiga qarshi chora ko‘rishni so‘ragan. Uning yurak yutib aytgan gaplaridan so‘ng, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari ko‘rish va huquqiy baho berilishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritgandi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Biznes-ombudsman Usmonjon Abdusamatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing