Tashiyev xitoyliklardan qirg‘iz tilini o‘rganishni talab qildi
Olam
−
29 dekabr 6926 1 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Xitoyning “China Road” kompaniyasi vakillariga qirg‘iz tilini o‘rganishni buyurdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu bayonot Issiqko‘l viloyatidagi yo‘l qurilishi bo‘yicha yig‘ilishda bildirilgan. Magistralning Barskoon-Qorako‘l qismida kim ishlayotgani haqida so‘ragandan so‘ng, Tashiyev Qirg‘izistonda qariyb 20 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya vakillari davlat tilini bilmasligini aytgan.
“Nega hali qirg‘iz tilini o‘rganmadingiz? “China Road” Qirg‘izistonda qancha vaqtdan beri mavjud? 20 yildan beri! Demak, siz qirg‘iz tilida gapira olmaysizmi? O‘rganing!”, deydi Qamchibek Tashiyev.
Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari 75 kilometrlik yo‘lning qurilish muddatini muhokama qilgan. Kompaniya vakili shartnoma 2028 yil 1 sentyabrda yakunlanishi rejalashtirilganini, ammo ishni muddatidan oldin – 2027 yil oxirigacha yakunlashga harakat qilishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek so‘mini yoqib, tamaki tutatgan xitoyliklar jazolangani haqida xabar berilgandi.