“Tolibon” Qunduzda o‘zbek jurnalistni hibsga oldi
Olam
−
13 yanvar 9175 3 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan, “Uranus TV” jurnalisti Nazira Rashidiyni hibsga oldi. Bu haqda Rashidiyning singlisi Hajira Rashidiy QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, jurnalist bir haftadan beri “Tolibon” zindonida qo‘llari va oyoqlari zanjir bilan mahkamlangan va juda yomon sharoitda saqlanmoqda.
Rashidiy ikki nafar farzandning onasi, oilaning yagona boquvchisi hisoblanadi. Uning turmush o‘rtog‘i Ashraf G‘ani boshchiligidagi sobiq respublika davrida harbiy bo‘lgan va 2021 yilda “Tolibon” hukumatni egallashi vaqtida guruh tomonidan o‘ldirilgan.
“Toliblar o‘z nazoratidagi ommaviy axborot vositalari va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda opamning jurnalistik faoliyatidan foydalanib, unga qarshi huquqiy va xavfli ish qurayotirlar. Ular avval uning obro‘yi va ijtimoiy maqomiga zarba berishga harakat qilishmoqda va keyingi choralarni amalga oshirish uchun zamin yaratmoqdalar”, deydi Hajira Rashidiy.
Qolaversa, jurnalistning singlisi butun dunyodagi o‘zbek va boshqa turkiy jamoalar, siyosatchilar, olimlar va ta’sir doirasi yuqori shaxslarni Nazira Rashidiyga ozodlik berish va uning hayoti, obro‘yini himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali keng ko‘lamli kampaniya boshlashga chaqirgan.
“Chunki ertaroq harakat qilmasak kech bo‘ladi. Shuningdek, biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan iltimos qilamizki, tezda chora ko‘rsin va Nazira Rashidiyning ozodligi, hayoti va obro‘yini himoya qilsin”, deydi u.
Ushbu voqealar fonida “Tolibon” Nazira Rashidiyning hibsga olinganini tasdiqlar ekan, uni yana to‘rt nafar ayol bilan birga “jinoiy ish” doirasida qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
“Tolibon”ning Qunduz viloyati xavfsizlik qo‘mondonligi matbuot kotibi Juma ul-Din Xokisor 2026 yil 12 yanvar kuni Rashidiy OAVdagi faoliyati bilan bog‘liq holda hibsga olinmaganini ta’kidlagan. Biroq “jinoiy ish” doirasida hibsga olingani bo‘yicha aniq tafsilotlarni ochiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘langan. Buning ortidan Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum “Tolibon”ga tahdid qilib, “Tolibon” ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.
Afg‘oniston tomoni o‘sha paytda Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy alloma xotirasiga munosib emasligi, shoir va mutafakkir sharafiga yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi sababli haykal mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangani, yaqin orada yangi yodgorlik barpo etilishi haqida va’da bergan edi. Ammo hanuz bu va’da amalga oshirilmadi.
Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida ham Mozori Sharifdagi Alisher Navoiyning o‘sha haykali qisman buzib tashlangan edi. Shunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni “vandalizm” deb atagan va Afg‘oniston vakillariga tayanib, haykalni begona shaxslar vayron qilganini bildirgan.
Joriy yilning 2 yanvar kuniga kelib, o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi Samanganda universitet peshtoqidan o‘zbek va fors tillaridagi yozuv olib tashlandi. Buning ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tiliga nisbatan cheklovlar vazirlikda tashvish uyg‘otishini bildirdi. 6 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langanda, “Tolibon” o‘zbek tiliga taqiq qo‘ymaslikka va’da berdi. Tanqidlar ortidan, joriy yilning 11 yanvar kuni “Tolibon” Samanganda universitet peshtoqiga o‘zbek tilini qayta kiritdi.
Live
Barchasi