Toshkentda noqonuniy kesib tashlangan daraxtlar soni 174 ta ekani aytildi
3-sahifa
−
27 Oktabr 3702 2 daqiqa
Avvalroq, Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani haqida aytgandi. Kesib tashlangan daraxtlar soni 144 ta emas, 174 tani tashkil etadi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ekologiya vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi mas’ullari tomonidan holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta kesilgani aniqlangan. Ekologiya inspektori tomonidan holat yuzasidan tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 1 milliard 460 million 952 ming so‘m zarar hisoblangan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi rahbariyati vaziyatni shaxsan o‘z nazoratiga olgan, atrof-muhitga zarar yetkazgan aybdor mutasaddi shaxslarga nisbatan qonunchilik normalariga muvofiq qat’iy chora ko‘riladi. Shuningdek, kelgusida shahar hududida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun vazirlik bilan hamkorlikda ish olib borilishi ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inspektorlar tomonidan to‘plangan barcha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini ta’minlash uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Bundan tashqari, hokimlik tomonidan kesilgan daraxtlarning o‘rniga 62,1 ming dona buta va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi ma’lum qilingan.
Kusherbayev aytgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan. Bu Prezident farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi.
Live
Barchasi