Toshkentda tarvuzdan zaharlanish ko‘paydimi?
Jamiyat
−
25 avgust 4216 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida tarvuzdan zaharlanish holatlari ko‘payib borayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan poytaxt Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda poytaxt aholisi o‘rtasida tarvuzdan zaharlanish holatlari ketma-ket qayd etilayotgani bo‘yicha Yuqumli kasalliklar shifoxonasidan tezkor xabarnomalar kelib tushgani yo‘q. Tarvuzdan zaharlanish holatlari ko‘payib ketyapti, degan xabarlar esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Tekshiruvdan o‘tmagan holda yo‘l yoqalarida sotilayotgan poliz mahsulotlarini xarid qilmasligingiz, faqatgina ishonchli va ruxsat etilgan savdo nuqtalarida, to‘g‘ri sharoitda sotilayotgan mahsulotlarni iste’mol qilishingizni eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 avgust kuni Toshkent shahridagi 4-son shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bolaning vafot etganiga doir xabarlar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, oilaning 3 nafar farzandida uyda tarvuz iste’mol qilinganidan so‘ng ketma-ket qayt qilish, ich ketish, tana harorati ko‘tarilishi belgilari kuzatilgan. Uchala bemor yuqorida nomi keltirilgan shifoxonaga yotqizilgan. Marhumning otasi farzandiga shifokorlar bee’tibor bo‘lganini aytgandi. Ko‘rilgan tezkor reanimatsion tadbirlarga qaramay, bolada biologik o‘lim qayd etilgan. Bolaga qo‘yilgan tashxis “O‘tkir yuqumli ichak kasalligi, gastroenterokolit turi. Aspiratsion sindrom”.
Bola Respublika sud-tibbiy ekspertizasiga yuborilgan va ushbu muassasaning dastlabki tashxisi ma’lum qilingan: “o‘pka-yurak yetishmovchiligining boshqa turlari, A09 ichak infeksiyasi bilan bog‘liq, deb taxmin qilingan diareya va gastroenterit”.
Hozirgi vaqtda uning o‘limi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda.
Live
Barchasi