Tramp Eron bilan sulhni qachongacha uzaytirgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
23 aprel 5753 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan tuzilgan vaqtinchalik sulh muddatini 26 aprel, yakshanbagacha uzaytirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Ynet” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy bu qaror haqida Isroil tomonini ham oldindan xabardor qilgan.
Tramp sulh muddatini uzaytirish haqida 21 aprel kuni e’lon qilgan. Bu qaror Tehron o‘sha kuni Pokistonda rejalashtirilgan muzokaralarni e’tiborsiz qoldirgani va AQSH talablariga javob bermaganidan so‘ng qabul qilingan.
Oq uy rasmiy ravishda aniq “yakuniy muddat”ni e’lon qilmagan. Prezident matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, Tramp qat’iy muddat belgilamagan va o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab turib, “butunlay mag‘lub etilgan rejimga ma’lum darajada moslashuvchanlik ko‘rsatmoqda”.
Hozirda Vashington Eron tomonidan AQSH takliflariga qandaydir javob kutmoqda. Livittning ta’kidlashicha, Tehronda ichki kelishmovchiliklar mavjud.
“Ayonki, u yerda jiddiy ichki bo‘linish bor. Hozir Eronda pragmatiklar va keskin siyosat tarafdorlari o‘rtasida kurash ketmoqda. Prezident esa yagona va aniq javobni kutmoqda”, degan Oq uy vakilasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti mamlakatda aviaqatnovlar qisman tiklanganiga qaramay, amerikaliklarni Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirgandi.
Qolaversa, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish haqida buyruq bergan. Keyinchalik, Eron Tehron rasmiylari AQSH Prezidenti Donald Trampdan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishni so‘ramagani va bu uzaytirishni qabul qilmasligini aytdi.
Live
Barchasi