Tramp Vashingtonga ham Milliy gvardiyani yubordi

Olam

image
Trampga qarshi “qo‘zg‘olon” north_east

Trampga qarshi “qo‘zg‘olon”

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat poytaxti Vashingtonga (Kolumbiya okrugi) “qonun, tartib va jamoat xavfsizligini tiklash uchun” Milliy gvardiyaning 800 nafar askarini yuborishga qaror qildi. Bu haqda respublikachi kecha, 11 avgust kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetning ma’lum qilishicha, xavfsizlik kuchlari shaharga bir hafta ichida yetib boradi.

Tramp Metropoliten politsiya departamenti federal nazoratga o‘tkazilishini e’lon qildi – Kolumbiya okrugi qonuni bunday choralarni “favqulodda vaziyatning alohida holatlarida” 30 kungacha ko‘rishga ruxsat beradi. AQSH Prezidenti o‘z qarorlarini shahardagi zo‘ravonlik jinoyatlarining yuqoriligi bilan izohladi.

“So‘nggi bir necha kun ichida Vashingtonga AQSHning boshqa huquq-tartibot idoralaridan ham yuzlab zobitlar, jumladan FQB va Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) yuborildi”, deb xabar bermoqda “Reuters”. 

Milliy gvardiyaga kelsak, Kolumbiya okrugida 2700 nafar gvardiyachi doimiy ravishda joylashtirilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSH poytaxtini “zo‘ravon to‘dalar va qonxo‘r jinoyatchilar, yirtqich yoshlarning ayovsiz to‘dalari, manyak narkomanlar”, shuningdek, “zudlik bilan tark etishi kerak bo‘lgan” uysizlar egallab olgan. Trampning ta’kidlashicha, 2023 yilda qotilliklar soni “25 yil” orqaga qaytib, “ehtimol, shahar tarixidagi eng yuqori darajaga yetgan”.

Prezident innovatsiyalar shaharni “har qachongidan ham xavfsizroq va go‘zalroq” qilishiga ishonadi. 

“Bugun Vashingtonda ozodlik kuni va biz poytaxtimizni qaytarib olmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari. 

Prezident agar kerak bo‘lsa, Chikago va Nyu-Yorkda ham xuddi shunday choralarni qo‘llash bilan tahdid qildi.

2015 yildan beri Kolumbiya okrugiga rahbarlik qilgan AQSH Demokratik partiyasi vakili Muriel Bouzer Trampning nazoratsiz zo‘ravonlik haqidagi bayonotlarini rad etib, shaharda “jinoyatchilikning o‘sishi kuzatilmayotgani”ni aytdi.

Kolumbiya okrugi bosh prokurori Brayan Shvalb esa Trampning harakatlarini “misli ko‘rilmagan, keraksiz va noqonuniy” deb atadi. 

“Kolumbiya okrugidagi zo‘ravonlik jinoyati o‘tgan yili 30 yillik tarixiy eng past darajaga yetdi va yil davomida yana 26 foizga kamaydi”, dedi u. 

Shvalbning aytishicha, uning bo‘limi mahalliy aholining huquqlari va xavfsizligini himoya qilish uchun “barcha variantlarni ko‘rib chiqmoqda”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyun oyida AQSH Prezidenti noqonuniy muhojirlarga qarshi ICE reydlari oqibatida yuzaga kelgan tartibsizliklar munosabati bilan Los-Anjelesga Milliy gvardiya qo‘shinlarini yuborgandi. Ma’lum qilinishicha, Trampning buyrug‘i bilan jami 700 nafar dengiz piyodasi va yana 2000 nafar milliy gvardiyachi Kaliforniyaga vaqtincha joylashtirilgan. Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Prezidentning harakatlarini “Amerikaga zid” deb atadi va uni sudga berishga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Milliy gvardiya Donal'd Tramp Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing