Tramp Yevropa avtomobillariga 25 foizlik boj joriy qildi (video)
Olam
−
02 may 1497 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan yengil va yuk avtomobillariga boj stavkasini 25 foizgacha oshirishga qaror qildi. U yangi tariflar kelasi haftadan kuchga kirishini o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Tramp bu qarorini Yevropa Ittifoqi avval tuzilgan savdo kelishuvi shartlariga rioya qilmayotgani bilan izohlagan. Biroq u aynan qaysi majburiyatlar buzilganini aniqlashtirmagan.
Shu bilan birga, AQSH hududida ishlab chiqarilgan Yevropa avtomobillarga ushbu bojlar tatbiq etilmasligi ta’kidlangan. Prezident, shuningdek, AQSHda umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi avtomobil zavodlari qurilayotganini bildirib, ular yaqin orada ishga tushishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil iyul oyida AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida “savdo urushi”dan so‘ng kelishuv imzolangan edi. Unga ko‘ra, Yevropadan AQSHga eksport qilinadigan mahsulotlarga 15 foizlik boj joriy etilgan, Yevropa esa AQSH tovarlarini bojxona to‘lovlarisiz qabul qilish, investitsiyalarni kengaytirish hamda Amerika energiya resurslari va harbiy texnikasiga talabni kafolatlashga rozi bo‘lgan.
2026 yil 20 fevral kuni AQSH Oliy sudi Tramp ilgari joriy qilgan bojlarning katta qismini bekor qilgan edi. Sud Prezident o‘z vakolatlarini oshirib yuborgan, degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng Tramp bu qarordan norozi ekanini bildirgan, biroq bojlarni qayta tiklashning boshqa yo‘llarini topishini aytgandi.
Live
Barchasi