O‘zbekistonda 10 kunda 144 kishi qamoqqa olindi
3-sahifa
−
12 mart 10974 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yil 1 martdan boshlangan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari natijasida 907 ta jinoyat fosh etildi va 144 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirning dastlabki 10 kunida 8360 ta tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilib, 907 ta jinoyat fosh etilgan. Jami 505 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 144 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Giyohvandlikka qarshi kurashish yo‘nalishida jami 1194 ta holat aniqlanib, narkojinoyatchilar va uyushgan jinoiy guruhlardan 215 kg narkotik moddalar, 57 923 dona psixotrop dori vositalari aniqlangan.
Shuningdek, noqonuniy ravishda yetishtirilayotgan 129 tub giyohvandlik o‘simliklari aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tadbirlar davomida esa jami 1067 ta jinoyat aniqlangan. Jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 323 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan. 171 nafar bedarak yo‘qolgan fuqarolar topilib, oilasi bag‘riga qaytarilgan.
Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan kuchaytirilgan xizmat yo‘lga qo‘yilib, voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarning transport vositasini boshqaruvga kirishini oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari olib borilgan. Shu bilan birga yo‘l bezorligini internet tarmoqlarida targ‘ib qilish holatlarini aniqlash maqsadida maxsus guruhlar tuzilib, ijtimoiy tarmoqlarda monitoring o‘tkazilgan.
Ayni vaqtga qadar 391 ta yo‘l bezoriligi aks etgan videolavhalar aniqlanib, 388 nafar haydovchiga bayonnoma tuzilgan hamda 296 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
Umumiy tadbirlar doirasida yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan 254 362 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlangan. Shundan 72 978 tasi qo‘pol qoidabuzarliklarni tashkil etgan va 23 714 ta transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar-fevral oylarida narkotiklarni o‘tkazish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi 22 ta uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi