O‘zbekistonda yil boshidan beri 155 qiz erta turmushga berildi (video)

Jamiyat

image
O‘zbekistonda erta nikoh 7 baravarga oshdi. Buning chorak qismi sevgi-muhabbat bilan izohlanmoqda (video) north_east

O‘zbekistonda erta nikoh 7 baravarga oshdi. Buning chorak qismi sevgi-muhabbat bilan izohlanmoqda (video)

2025 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonda 15-17 yoshdagi 155 nafar qiz erta turmushga berilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Prezidentimiz yoshlar o‘rtasida, ayniqsa, qizlarni erta turmushga berish masalalari bo‘yicha tanqidiy fikr bildirdi. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning mana shu davriga kelib, 155 ta holatda mamlakatimizda 15-17 yoshli qizlarni erta turmushga berish holatlari aniqlangan”, dedi vazir.

Uning aytishicha, zamonaviy tibbiyot erta turmush qurish va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlardan ko‘plab nogiron farzandlar tug‘ilish ehtimolini isbotlagan.

Shuningdek, vazir Prezident boshchiligida o‘tkazilgan selektorda xotin-qizlarning intervalga rioya qilmagan holatda, bir kalendar yilida ikki marta homilador bo‘lish holatlari, nimjon, salomatligiga putur yetgan farzandlarning dunyoga kelish holatlari ham eslab o‘tilganini aytdi.

Sog‘liqni saqlash vazirining ma’lum qilishicha, shu kabi holatlar bo‘yicha aholi orasida keng qamrovli va ta’sirchan targ‘ibot usullari o‘tkaziladi. Agar mana shunday holatlar takrorlanadigan bo‘lsa, buni mahalla darajasida muhokama qilib, bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu selektorda yil boshidan 32 mingga yaqin oila ajrashib ketgani, 16 ming ota-ona aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

erta turmush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing