O‘zbekistonga smartfon va noutbuklar olib kirishda 5 foizlik boj joriy etiladi
Jamiyat
−
17 aprel 5652 2 daqiqa
2026 yil 1 iyuldan boshlab ayrim maishiy texnika va elektronika tovarlarini xorijdan onlayn xarid qilishda 5 foiz yagona bojxona to‘lovi joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 13 aprel kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, bu quyidagi tovarlarga taalluqli: smartfon, noutbuk, planshet, kolonka, mikser, sharbat chiqargich, soch quritgich, elektr choynak, multipishirgich, dazmol va boshqalar.
Shuningdek, 30 ta pozitsiyadagi tovarlar, jumladan, kiyim-kechaklar, poyabzal, soatlar, xotira qurilmalari, quvvatlagich, fonar, quloqchin, monitor va proyektorlar, videoo‘yin apparatlari kabi tovarlar uchun esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va 3 foiz miqdorida bojxona boji to‘lanadi.
Qolaversa, xalqaro darajada ro‘yxatdan o‘tgan mashhur brend tovarlari (ya’ni rasmiy brendlar) endi O‘zbekistonga olib kirilib, “aylanma yo‘l” bilan sotilishiga cheklov qo‘yiladi. Aniqroq aytganda, bunday tovarlarni bond omboriga joylab, keyin maxsus onlayn platformalar orqali sotish taqiqlanadi.
Ya’ni ilgari ba’zi tadbirkorlar brend tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy import qilmasdan, bond ombori orqali saqlab, keyin onlayn sotish orqali aylanmaga kiritishi mumkin edi. Endi bu sxemaga chek qo‘yilyapti.
Shu bilan birga, xalqaro kurer orqali shaxsiy ehtiyoj uchun keltiriladigan tovarlar bo‘yicha oyiga 200 dollargacha bo‘lgan limit saqlanib qoladi va shu miqdorgacha boj to‘lanmaydi. Ya’ni bu qoida oddiy odamlarning shaxsiy buyurtmalariga emas, asosan savdo va biznes sxemalariga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 maydan jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlari qisqartirilgan edi. Unga ko‘ra, havo transportida – 1000 dollar (shupaytgacha – 2000 dollar edi), temiryo‘l va daryo transportida – 500 dollar (1000 dollar), avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar etib belgilangan.
Shuningdek, xalqaro kurerlik xizmatlari orqali jismoniy shaxslarga yetkaziladigan tovarlar uchun limit bir chorak uchun 1000 dollardan oyiga 200 dollargacha qisqartirilgandi.
Live
Barchasi