O‘zbekistonlik haydovchilar Yaponiyaga ishga taklif etilmoqda
Jamiyat
−
24 mart 6449 2 daqiqa
O‘zbekistonlik haydovchilar Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi tomonidan ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, Yaponiyada yuk yetkazib beruvchi haydovchi sifatida ishlash uchun 200 ta vakansiya ochilgan. Nomzodlar avval Toshkent viloyati Angren shahrida 2026 yil aprelidan boshlanadigan 8 oylik bepul o‘quv kurslarida qatnashishi kerak. O‘quv davrida ishtirokchilar bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.
Tanlov 30 martdan 3 aprelgacha Proud Partners kompaniyasi tomonidan onlayn suhbat shaklida o‘tkaziladi. Ish joyi Yaponiya hududi bo‘ylab bo‘ladi.
Talablarga ko‘ra, nomzodlar 21−35 yosh oralig‘ida bo‘lishi, B,C toifadagi (S toifani olganiga kamida 3 yil bo‘lgan) haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi hamda belgilangan shartlarga rozilik bildirishi lozim. Yapon tilini biladiganlarga ustunlik beriladi.
Maosh oyiga 1200−2000 dollar atrofida bo‘lib, qo‘shimcha ish soatlari uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shuningdek, ish unumdorligiga qarab yilda ikki marta bonus berilishi mumkin.
Ish jadvali smenali bo‘lib, yashash joyi ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi (o‘rtacha 200 dollar ish haqidan ushlab qolinadi). Ovqatlanish xarajatlari xodim hisobidan qoplanadi.
Dastur doirasida aviachipta xarajatlari qoplanadi, ishchi viza rasmiylashtiriladi va tibbiy hamda ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlanadi.
Barcha nomzodlar “Xorijda ish” platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi kerak.
Ma’lumot uchun 1282 yoki 71 202−33−55 (505) telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonliklar AQSHda mavsumiy ishlarga jalb qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi