Havodagi zaharli chang qachongacha saqlanib qolishi aytildi
Bu qiziq
−
23 noyabr 7809 2 daqiqa
Yangi haftaning oxirigacha havo iflosligicha saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
“Mazkur hafta uchun qilingan prognozga muvofiq, ob-havodagi inversiya holati 24 noyabrdan keyin ortga chekinishi kutilgan edi. Biroq yangilangan sinoptik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, inversiya jarayoni kelgusi hafta oxirigacha saqlanib turadi”, deyiladi tashkilot bergan axborotda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, havo qatlamlarining aralashishiga to‘sqinlik qilayotgan ob-havo sharoiti kelayotgan haftaning oxirigacha saqlanib turishi mumkin.
Qayd etilishicha, bu davrda havo sifati nobarqaror bo‘lishi tabiiy hol bo‘lib, ko‘rsatkichlar kun davomida o‘zgarib turadi. Havo sifatining yaxshilanishi havo massalarining almashishi, shamolning kuchayishi yoki yog‘ingarchilik tushishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
O‘zgidromet har kuni ertalab va kechqurun atmosfera havosining asosiy ko‘rsatkichlarini rasmiy kanallar orqali e’lon qilib borishini eslatib o‘tdi.
“Kuzatilayotgan holat – tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon. Vakolatli davlat organlari vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va zarurat tug‘ilganda tezkor choralar ko‘rmoqda”, ta’kidlangan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketgandi. 16 noyabr kuni ham Toshkent atmosferasidagi mayda zarrachalar miqdori me’yordan bir necha baravar oshdi. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini, keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.
Live
Barchasi