Venesuela mustamlaka bo‘lishga rozimi? Yangi Nobel laureati bosqinchilarni qo‘llamoqda

Tahlil

image

Bir muddat oldin Mariya Korina Machado ismli venesuelalik ayol dunyoning eng qudratli davlati “hukmdoridan” tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini “tortib olgan edi”. Bugun esa o‘sha “hukmdor” Venesuelaga hujum boshlagan, davlat urush yoqasida.

Rossiya–Ukraina mojarosi fonida sodir bo‘layotgan AQSHning Venesuelaga nisbatan qurolli bosimlari ommaviy axborot vositalarida Putinning qilmishlari kabi keng yoritilmayotgandek go‘yo. Narkokortel va ko‘plab xalqaro hamjamiyatlar tomonidan nolegitim, deb topilgan amaldagi hokimiyatga qarshi kurashish bahonasida boshlangan harbiy harakatlar tez orada quruqlikdagi klassik qurolli to‘qnashuvlar ko‘rinishiga o‘tishini va’da qilayotgan AQSH Prezidentiga unchalik ham dashnom toshlari otilmayotgandek. “Xalq Maduro diktaturasidan charchagan”, degan vajlar orqali jinoyatlarga “ezgulik” niqobi kiydirilmoqda, ammo Rossiya ham Ukrainaga bostirib kirishidan ilgari buni ukrain xalqining o‘zi so‘rayotganini bot-bot takrorlagan edi.

Aslida ham AQSHning qudrati mana shunda, uning targ‘iboti butun dunyoga ta’sir qiladi. Siyosiy immuniteti bo‘lmagan insonlar dunyoni AQSH qanday xohlasa shunday ko‘radi, go‘yoki AQSH “dunyodagi eng ideal siyosiy tizim – demokratiyaning yoyuvchisi”. Ammo demokratiya maqtalganchalik ideal emasligini ham, AQSH beminnat do‘st emasligini ham ko‘pchilik anglab bo‘lgan.

Venesuela masalasida ham vaziyat deyarli o‘xshash. G‘oyaviy tarqoq xalqning bir guruhi AQSHni qo‘llab quvvatlasa, boshqa bir guruhi Maduro hokimiyati va proteksionizm siyosati tarafdori. Amerikaparast oqimning yetakchisi Mariya Machado esa shu yilning noyabr oyida Trampni Nobeldan mahrum qilgan edi. Tramp uning vataniga urush boshlash arafasida esa Machado “bosqinchilarni” qo‘llab quvvatlamoqda.

Machado o‘zi kim?

Maria Korina Machado Pariska 1967 yil 7 oktyabrda Venesuelaning Karakas shahrida zodagonlar oilasida dunyoga kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha sanoat muhandisi bo‘lsa-da, siyosiy jarayonlarga qiziqishi va faol fuqarolik pozitsiyasi uni mamlakatdagi avtoritar tizimga qarshi kurashishga chorladi. U Venesueladagi nodemokratik harakatlarni tanqid qilib, Ugo Chaves hamda Nikolas Maduro hukumatlariga qarshi muxolifatning yetakchi namoyandalaridan biri sifatida tanildi.

Machado 2002 yilda “Súmate”, ya’ni “Birlash” nomli ko‘ngillilardan iborat fuqarolar tashkilotiga asos soldi. “Súmate” – bu nodavlat tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi fuqarolarning siyosiy huquqlarini erkin amalga oshirishini ta’minlash va jamoat manfaatiga oid masalalarni muhokama qilishni rivojlantirish. Tashkilotning missiyasi – Venesuela Konstitutsiyasi bilan fuqarolarga berilgan siyosiy huquqlarni rag‘batlantirish, himoya qilish, qulaylashtirish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Machado 2011 yildan 2014 yilgacha Venesuela Milliy Assambleyasi deputati bo‘lib xizmat qilgan. U 2012 yildan beri o‘zi asos solgan “Vente Venezuela” (Kel Venesuela) siyosiy partiyasining Milliy koordinatori hisoblanadi. Faoliyati davomida u hatto Venesuela prezidentligiga ham nomzodini qo‘ydi, ammo amaldagi ma’muriyat Machadoning xalq oldidagi obro‘si tufayli saylovlarda g‘alaba qozonishidan qo‘rqib, turli vajlar bilan uni davlat lavozimlarida ishlash huquqini cheklab qo‘ydi. Natijada u o‘z o‘rnini maslakdoshi Edmundo Gonsalesga topshirishga majbur bo‘ldi.

Uzoq yillik fidoiy mehnat, o‘g‘ir mashaqqatlar bilan bosib o‘tilayotgan yo‘l o‘z rag‘batini topdi, 2025 yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Machadoga nasib etdi. Aslida, bu mukofot nafaqat uning fidoyi mehnatini e’tirof etadi, balki keng omma e’tiborini Venesueladagi adolatsiz tizim muammolariga qaratadi.

Venesuelada ahvol qanday?

Dunyoning tahminan 18 foiz neftiga egalik qiladigan, benzinning narxi oddiy suv narxidan ham arzonroq bo‘lgan ushbu davlat bugun turli bahonalar bilan AQSHning qosh-qovog‘idan qo‘rqib, o‘zining ulkan energetik salohiyatidan to‘laqonli foydalana olmayoyapti, og‘ir iqtisodiy sanksiyalar va ichki inqirozlar girdobida qolmoqda. G‘arbiy yarimsharning “nazoratchisi” ta’siridan qochish va Rossiyaga yaqinlashish ilinjida boshlangan ishlar Venesuela va AQSH o‘rtasidagi do‘stlik rishtaralarini uzilishiga olib keldi. Ilgari ko‘zga ko‘rinmaydigan yoki ko‘rinsa ham ko‘rmaslikka olinadigan narkokortel muammosi birdan AQSHning “tovoniga kirgan zirapcha” misoli jig‘iga tega boshladi. AQSHni qo‘llamay qo‘ygan ma’muriyat esa avtoritar, zolim deb topildi. Qisqa qilib aytganda, “urush qidirsang, sabab topiladi”.

Aslida, Vashington ilgari surayotgan muammolar safsata emas. Giyohvand moddalar savdosi ustiga qurilgan “tadbirkorlar klanlari” haqiqatan ham Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun doimiy muammo. Nikolas Maduroning “kursiga” bog‘lanib qolgani ham yolg‘on emas, ammo AQSHning bu adolatsizliklarga qarshi kurashi ortida Venesuelani o‘zing “qo‘g‘irchoq” rahbari qo‘liga topshirib, mamlakatning qimmatbaho foydali qazilamlaridan o‘zi istagancha foydalanish maqsadi yotibdi.

Avvaliga suv yo‘llarini nazorati ostiga olgan AQSH 29 noyabr kuni Venesuela osmonini ham yopiq deb e’lon qildi. Deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsatolmagan Maduro hokimiyati AQSH talablarini qondirishga majbur bo‘lmoqda. Tramp dastlab Madurodan iste’foga chiqishni talab qildi. Internetga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro 18 oydan keyin iste’foga chiqishini e’lon qilgan, ammo Oq uy uchun bu judo uzoq muddat.

“The Telegraph” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro joriy yilning 21 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampdan 200 million dollar shaxsiy aktivlarini saqlab qolish, ittifoqchilari uchun amnistiya berishni va do‘st mamlakatdan boshpana so‘ragan. Biroq Tramp hokimiyati bu shartlarga ham ko‘ngisi yo‘q.

Mamalakatdagi oppozitsiya rahbari Mariya Machado ham ushbu vaziyatda katta ta’sirga ega. Garchi u va uning safdoshlari Trampning asl maqsadini anglab tursa-da, AQSHning aralashuvini amaldagi hokimiyatni qulatishning yagona yo‘li sifatida ko‘rmoqda.

"Qarang, ba’zi odamlar Venesuelaga bostirib kirilishi xavfi haqida gapirishadi va men ularga Venesuelaga allaqachon bosqin qilingan deb javob beraman”, deydi Machado Oslodagi nutqida.

Bu so‘zlariga izoh berar ekan, Machado Venesuelada Rossiya va Eron agentlari “Hizbulloh” va HAMAS kabi guruh vakillari erkin faoliyat yuritib kelayotganini, Kolumbiya partizanlari mahalliy aholining 60 foizidan ham ko‘pligini aytib o‘tadi. U Amerikaning Venesuelaga nisbatan “jinoyat markazi” sifatida qarashiga ham aynan kolumbiyaliklar aybdor, deb hisoblaydi.

“Bizda Kolumbiya partizanlari aholimizning 60 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi, shuningdek, nafaqat giyohvand moddalar savdosi, balki fohishalik tarmoqlarida odam savdosi bilan ham shug‘ullangan giyohvand kartellar bor. Bu Venesuelani Amerikaning jinoiy markaziga aylantirdi", deydi venesuelalik faol.

Mariya Machado – bu chinakam venesuelaliklarning ovozi, kayfiyati ifodachisi. U mazlumning zulmidan charchagan, unga qarshi kurashib tolgan, endi u bu zulmatdan qutilish uchun vatanini begona qo‘llarga ishonib topshirishga tayyor. (Yoki bu ham AQSHning 58 yoshli go‘zal loyihasi xolos.)


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Nobel' Mariya Korina Machado

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing