Vodorod bombasini yaratganlardan biri vafot etdi
Olam
−
15 may 6895 2 daqiqa
Amerikalik fizik va vodorod bombasining birinchi amerikalik yaratuvchilardan biri Richard Lourens Garvin 97 yoshida vafot etdi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi uning o‘g‘li Tomasga tayanib xabar berdi.
Garvin joriy yilning 13 may kuni Nyu-Yorkning Skarsdeyl shahridagi uyida olamdan o‘tgan.
Garvin 1928 yil 19 aprelda Ogayo shtatining Klivlend shahrida tug‘ilgan. 21 yoshida u Nobel mukofoti sovrindori fizik Enriko Fermi rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik u laboratoriyaga (Robert Oppengeyme atom bombasi ustida ishlagan) ishlashga taklif qilindi. U yerda, 1951 yilda Garvin birinchi samarali termoyadro bombasining dizaynini yaratdi. O‘sha paytda u endigina 23 yoshda edi.
1952 yilning noyabr oyida Enuetak Atollda ushbu ishlanmaga asoslangan “Mayk” qurilmasining birinchi sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Keyinchalik, bir necha o‘n yillar davomida Garvin, Jerald Ford va Ronald Reygandan tashqari, Duayt Eyzenxauerdan (1953–1961) Bill Klintongacha (1993–2001) bir qancha AQSH prezident ma’muriyatlarida fan va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. U Pentagonning Maslahat qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan, Markaziy razvedka boshqarmasi va Davlat departamenti bilan hamkorlikda ishlagan, Kubadagi raketa inqirozi (1962) va Chernobil halokati oqibatlarini (1986) tahlil qilgan.
Garvin qurol nazorati va yadroviy qurolsizlanish tarafdori edi. U yangi turdagi qurollarni yaratishga ochiqchasiga qarshi chiqdi va davlatlarning mudofaa siyosatida shaffoflik g‘oyasini ilgari surdi.
Garvinning ilmiy qiziqishlari lazer fizikasi va biotibbiyot texnologiyasini ham o‘z ichiga olgan. U o‘z faoliyati davomida ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan, jumladan, AQSHdagi eng oliy fuqarolik mukofoti bo‘lgan Prezidentning Ozodlik medali.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 may kuni amerikalik siyosatshunos, xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq mudofaa vazirining o‘rinbosari Jozef Nay 88 yoshida vafot etgandi. U “Yumshoq kuch” asoschisi edi.