YeI Maskning kompaniyasiga katta miqdorda jarima soldi
Olam
−
06 dekabr 3639 2 daqiqa
Yevrokomissiya amerikalik milliarder Ilon Maskning ijtimoiy media platformasi X’ni YeI raqamli xizmatlar reglamenti doirasidagi “oshkoralik majburiyatlarini buzgani” uchun 120 million yevro (taxminan 139 million 728 ming dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Yevrokomissiya xabar berdi.
Yevropa Komissiyasi X’ning “ko‘k belgi” dizayni noto‘g‘ri ekanini aniqladi, chunki u akkaunt egasining shaxsini tekshirish vositasi emas, balki pullik xususiyatga aylantirilgan, tashkilotga ko‘ra, X’ning reklama kutubxonasida shaffoflik yo‘q, platforma esa tadqiqotchilarga qonun bo‘yicha ochiq bo‘lishi kerak bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini bermagan.
Yevrokomissiya 120 million yevro jarimaga tortilgan yakunlangan ishdan tashqari X’ga qarshi ijtimoiy tarmoqning noqonuniy kontent tarqalishining oldini olish va axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlari samaradorligi bo‘yicha yana bir qancha sud jarayonlarini o‘tkazmoqda.
Yevropa Ittifoqining “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi nizomi kompaniyalarga yillik global aylanmasining 6 foizigacha jarima solishga imkon beradi. X’ning aylanmasi bir necha milliard yevroga baholansada, Ilon Maskning barcha bizneslarining umumiy aylanmasi bundan bir necha baravar yuqori.
Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Xenna Virkkunen qonunbuzarliklarning tabiati, jiddiyligi va davomiyligini inobatga olgan holda jarimani mutanosib deb baholadi. Biroq u mutanosiblik tamoyiliga ishora qilib, uni “oddiy iqtisodiy formulaga qisqartirib bo‘lmaydi” deb, hisoblab chiqish usuli haqida batafsil ma’lumot berishdan bosh tortdi.
“Politico” nashri ta’kidlaganidek, Bryusselning ushbu qarori texnologiya kompaniyalarini tartibga solish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlikni oshiradi. Vashington bir necha bor Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlarni tartibga solishini tanqid qilib, uni senzura bilan tenglashtirgan va javob tariqasida Yevropa importiga qo‘shimcha tariflar joriy etish bilan tahdid qilgan.
Kuni kecha AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bunday jarimalarni Amerika kompaniyalariga hujum deb atadi.
“Yevropa komissiyasi senzura bilan shug‘ullanmagani uchun Xʼni yuzlab million dollar jarima solishi haqida mish-mishlar bor. Yevropa Ittifoqi so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashi va Amerika kompaniyalariga xayolparast da’volar uchun hujum qilmasligi kerak”, deb yozdi Vens o‘zining X sahifasida.
Yevropa Komissiyasi nizomning senzuraga hech qanday aloqasi yo‘qligini, faqat shaffoflikni ta’minlashini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp va tadbirkor Ilon Mask AQSH fuqaroligidan mahrum qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi