Zelenskiy Fors ko‘rfazining uchta davlati bilan kelishuv imzoladi
Olam
−
30 mart 3631 3 daqiqa
Ukraina Fors ko‘rfazining bir qator mamlakatlari bilan havo hujumidan mudofaa sohasida hamkorlikni kuchaytirmoqda. Mintaqaga tashrifi davomida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy avval Saudiya Arabistoni, keyinroq Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari bilan kelishuvlarga erishgan. Bu haqda AFP xabar berdi.
“Gap o‘n yillik hamkorlik haqida ketmoqda. Biz allaqachon Saudiya Arabistoni bilan tegishli shartnomani imzoladik, hozirgina Qatar bilan ham xuddi shunday 10 yillik kelishuvga qo‘l qo‘ydik va BAA bilan yana birini imzolaymiz”, deydi Zelenskiy joriy yilning 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.
Ma’lumot uchun, mart oyi o‘rtalarida Zelenskiy Yaqin Sharq mamlakatlarida Eron dronlari hujumlarini qaytarishda yordam berish uchun 201 nafar ukrainalik harbiy ekspert borligini va yana 34 nafari “safarbarlikka tayyor” ekanligini ma’lum qilgan edi.
“Birlashgan Arab Amirliklari. Bir necha haftadan beri bu yerda ukrainaliklar odamlar hayotini saqlab qolishga yordam berish uchun ishlamoqda. Biz jamoamiz vakillari bilan uchrashib, ularning Amirliklardagi ishi yakunlari bo‘yicha ilk natijalar va asosiy xulosalarni, shuningdek, ayrim takliflarni muhokama qildik. Bu vaqt ichida ekspertlarimiz BAA Xavfsizlik va mudofaa kuchlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Yigitlar havo tahdidlaridan himoyani kuchaytirish ustida ishlashmoqda. BAA Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayyon bilan uchrashuvimdan oldin aynan shu masalani muhokama qildik”, deb yozdi Zelenskiy 27 mart kuni o‘z Telegram-kanalida.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tajribasini integratsiya qilish orqali Amirliklarning HHM tizimi va muhim infratuzilmasini qanday mustahkamlash mumkinligi haqida aniq tushuncha mavjud.
“Gap o‘z samaradorligini isbotlagan kompleks yechimlar haqida ketmoqda”, deb ta’kidladi Ukraina davlat rahbari.
Dohada Zelenskiy Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Muzokaralarda Bosh vazir, shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy ham ishtirok etgan.
Ukraina va Qatar mudofaa sohasida kamida 10 yilga mo‘ljallangan o‘zaro manfaatli sheriklik bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bosh shtab boshliqlari tegishli bitimni imzolagan. Zelenskiyning aniqlik kiritishicha, ushbu hujjat mudofaa sanoatida qo‘shma loyihalar, birgalikda ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va texnologik sheriklikni nazarda tutadi.
“Ukrainadagi xavfsizlik holati, Rossiyaning davomli hujumlari va uning Eron rejimi bilan yaqin hamkorligi haqida ma’lumot berdim”, deb qo‘shimcha qildi u.
AFP agentligining xabar berishicha, Fors ko‘rfazining uchta davlati bilan imzolangan kelishuvlar o‘n yilga mo‘ljallangan.
“Bu vaqt ichida ham Ukrainada, ham ushbu davlatlar hududida qo‘shma ishlab chiqarish korxonalari barpo etiladi”, deydi Ukraina Prezidenti.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH va Isroil 28 fevraldan beri Eronga aviazarbalar bermoqda. Ushbu hujumlar oqibatida Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy hamda qator yuqori martabali mulozimlar va harbiylar halok bo‘lgan.
Eron bunga javoban Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda. Islom Respublikasi bayonotiga ko‘ra, bu hujumlardan maqsad mintaqadagi Amerika harbiy bazalaridir. Shuningdek, Eron zarbalari Fors ko‘rfazidagi bir necha davlatlarning neft omborlari va tankerlariga ham kelib tushgan.
Live
Barchasi