14 yoshli qizning sevgilisi PPX xodimini “shantaj” qilgani ma’lum bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
30 aprel 9243 3 daqiqa
Avvalroq, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 14 yoshli qiz patrul-post xizmati xodimi o‘ziga nisbatan tegajog‘lik qilgani haqida murojaat bilan chiqqan edi. Keyinroq viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov mazkur holatni rad etdi. Shuningdek, Bolalar ombudsmani vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Bugun, 30 aprel kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi ushbu holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan kompleks tekshiruvlar o‘tkazilgan va videomurojaatdagi vajlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, joriy yilning 27 aprel kuni tungi soat 00:30 larda patrul-post xizmati xodimiga avvaldan tanish bo‘lgan 22 yoshli ayol qo‘ng‘iroq qilib, maslahatlashish zarurati tufayli uni chaqirgan.
“Men A. bilan kechki payt o‘z xohishimiz bilan Diyorning mashinasiga o‘tirdik. Hech kim majburlanmadi. Men oldi tarafga – Diyorni yoniga o‘tirdim. Keyin biz gaplashib, aylanib bitta joyda to‘xtadik. A. degan qiz “voobe” orqa o‘rindiqda o‘tiruvdi. 15-20 minutlardan keyin bitta mashina keldi. Mashinani ichidan uchta bola tushdi. Uning eski yigiti mashinaga sakradi, mashinani sindirishni boshladi. Keyin baqirib “videoga ol, videoga ol”, deb bitta bolaga aytdi, bitta bola videoga oldi.
A. yig‘lashni boshladi, shokka tushdi, qo‘rqishni boshladi. Keyin men qo‘rqma, dedim. Keyin Diyor o‘sha zahoti bizga hech nima bo‘lmasin deb tez mashinani haydab ketdi. Bugun va kecha men ko‘ryapman internetda “voobe” boshqacha video chiqyapti, “Diyor tegajog‘lik qildi”, A. ga nisbatan pedofil degan. “Nepedofil”, “voobshe” bu feyk xabar va o‘zidan to‘qilgan. “Prosta” o‘sha bolani qanaqadir alami bo‘lgani uchun shunaqa qilgan”, deydi voqea ishtirokchilaridan bo‘lgan ayol 22 yoshli ayol.
Ma’lum bo‘lishicha, videomurojaat yo‘llagan shaxs 14 yoshli qizning qarindoshi emas. U o‘sha qiz bilan o‘zaro munosabat o‘rnatib, doimiy ravishda uni nazorat qilib kelgan. 18 yoshli yigit bundan bir necha kun avval ham yarim tunda o‘sha qizni olib yurgan vaqtida aynan mana shu patrul-post xizmati xodimi tomonidan aniqlanib, unga rasmiy ogohlantirish berilgan.
“Qaragan vaqtimda u qizni tanib qoldim. Oldinroq ham rasmiy ogohlantirish berilgan edi”, deydi xodim.
Oradan bir necha kun o‘tgach aynan o‘sha qiz xodimga tanish bo‘lgan ayol bilan birga uning mashinasiga o‘tirgan. Ko‘p vaqt o‘tmasdan qiz yuborgan lokatsiya orqali yigit ushbu mashina oldiga yetib kelgan, janjal ko‘targan va xodimni voyaga yetmaganning nomusiga tegishda ayblab, videotasvirga olgan.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zini jabrlanuvchi qilib ko‘rsatadigan barcha murojaatlarga ham ishonaveramang. Rasmiy manbalarga tayaning. Yuqoridagi ssenariy bo‘yicha esa albatta huquqiy baho beriladi”, deyiladi IIBB bayonotida.
Live
Barchasi