50 ming dollarlik soat taqqan Qudbiyev tarmoqda sazoyi qilindi (video)

Jamiyat

image

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining rahbari Sherzod Qudbiyev Prezident selektori yig‘ilishida Breguet brendiga tegishli, bahosi taxminan 50 ming dollar turadigan soat taqib bordi va uning bu harakati tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Muhokama Qudbiyev qo‘lidagi soatning qiymati va uni sotib olish uchun kerak bo‘ladigan daromad manbai haqida bo‘lmoqda. Soatning muhokamasi uning yig‘ilishda ko‘rinish berganidan keyin boshlandi. Blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soatni lyuks model (taxminlarga ko‘ra, Constantin Overseas yoki Breguet Marine Chronographe 5527) sifatida taxmin qilib, uning narxini 50 ming dollarga baholadi. Shuningdek, keng jamoatchilik amaldorlarning mol-mulkiga jamiyat e’tibori qaratilishi demokratik davlat uchun norma ekanini ta’kidladi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qizigan bir paytda, Sherzod Qudbiyev videomurojaat e’lon qildi va soat atrofidagi gap-so‘zlarga javob berdi.

“Birinchi navbatda, to‘g‘ri, bu soat menga juda qadrli soat, ko‘p narsani eslatadi. Lekin qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, davlat xizmatchisi, avvalambor, kamtar bo‘lishi kerak”, degan Qudbiyev.

Shuningdek, u amaldorlar kasbiy etikaga, ayniqsa, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarda qat’iy amal qilishlari zarurligiga qo‘shilgan.

“Shuning uchun, ayniqsa yig‘ilishlarda mana shunday uchrashuvlarda kasbiy etikaga qat’iy rioya qilib, avvalambor, kamtarlik bilan o‘zining xizmatchi bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatib borishi kerak deb o‘ylayman. Bu shaxsan menga katta xulosa bo‘ldi va kelgusida faqat shu yaxshilik yo‘lida, vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlaymiz va shunga amal qilamiz, degan fikrdaman. Katta rahmat hammaga”, degan qo‘mita rahbari.

Biroq u soatni qayerdan olganiga aniqlik kiritmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Andijonda bo‘lib o‘tgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”ga qimmatbaho poyabzalda borgandi. Madaniyat vazirligiga ko‘ra, tadbirda 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan. E’tiborli tomoni shundaki, vazir Ozodbek Nazarbekov mazkur uchrashuvga Hermes brendiga tegishli, Yevropa va AQSHda 1200 dollardan qimmat turadigan oyoq kiyimda borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Qudbiev soat Breguet Muhokama

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing