AQSH otish orqali qatl qilish jazosini qaytarmoqda
Olam
−
25 aprel 2155 2 daqiqa
AQSH Adliya vazirligi o‘lim jazosini qo‘llashni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi qabul qilinganini, jumladan, federal yurisdiksiyadagi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hukm qilinganlarni otish orqali qatl qilish qayta tiklanishini e’lon qildi. Bu haqda idoraning kecha, 24 aprel kuni kuni e’lon qilingan press-relizida aytiladi.
Hozirda otish orqali jazo ijro etish beshta shtatda ruxsat etilgan, biroq juda kam hollarda qo‘llaniladi. O‘lim jazosi haqidagi ma’lumot markazi (DPIC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda ikki kishi otib o‘ldirilgan, AQSHda o‘lim jazosi qayta tiklangan 1976 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan davrda esa yana uch kishi shu usulda qatl etilgan.
“Ko‘rilgan choralar sirasiga Trampning birinchi ma’muriyati davrida qabul qilingan o‘lim in’eksiyasi (pentobarbital) protokolini qayta tiklash, protokolni otish kabi qo‘shimcha qatl usullari bilan kengaytirish, shuningdek, o‘lim hukmi chiqarilgan ishlarni tezlashtirish uchun ichki jarayonlarni soddalashtirish kiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, idora Jo Bayden prezidentligi davrida joriy etilgan federal qatllarga nisbatan muddatsiz moratoriyni bekor qilgan va 44 nafar ayblanuvchiga nisbatan o‘lim jazosini ijro etishga ruxsat bergan. Vazirlik ta’kidlashicha, bu choralar “eng vahshiyona jinoyatlarning oldini olish, qurbonlar uchun adolatni ta’minlash va tirik qolgan yaqinlar uchun uzoq kutilgan xotimani taqdim etishga” qaratilgan.
AQSHda qatl turi sifatida otish ilk bor 1608 yilda Virjiniyadagi Jeymstaun koloniyasida qo‘llanilgan. 1878 yilda Oliy sud jinoyatchilarni otib o‘ldirish shafqatsiz jazolarni taqiqlovchi konstitutsiyaviy me’yorga zid emasligi haqida qaror chiqargan.
Otish jarayoni shtatga qarab farq qiladi. Masalan, Yuta shtatida qatl guruhi a’zolaridan birining miltig‘iga haqiqiy emas, balki bo‘sh patron joylanadi, biroq ijrochilarning hech biri qaysi miltiq bezarar ekanini bilmaydi. Mahkumning yuragi ustiga nishon o‘rnatiladi, yuzi esa yopiladi, shundan so‘ng o‘q uziladi.
AQSH Bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Todd Blansh Federal qamoqxonalar byurosiga qatl protokolini o‘zgartirishni topshirgan. Bunda “hozirda ayrim shtatlar qonunchiligida ko‘zda tutilgan qo‘shimcha konstitutsiyaviy qatl usullarini” kiritish talab etiladi. Otishdan tashqari, bunga elektr stul va 2024 yilda Alabamada ilk bor qo‘llanilgan gaz bilan bo‘g‘ishning yangi usuli ham kiradi.
“Reuters” yozishicha, Tramp bu qadamlarni o‘zining saylovoldi va’dasini – o‘lim jazosini qayta tiklash haqidagi va’dasini bajarish doirasida amalga oshirmoqda. Uning birinchi prezidentlik muddatida, 20 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor 13 nafar federal mahbus in’eksiya yo‘li bilan qatl etilgan edi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda AQSHda 47 ta o‘lim hukmi ijro etilgan – bu so‘nggi 16 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Live
Barchasi