AQSH Yevropani Ukrainaga qurol ta’minoti uzilishidan ogohlantirdi

Olam

image

AQSH Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvi fonida yevropalik ittifoqchilarini Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishda muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda kecha, 27 mart kuni o‘z manbalariga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika tomoni hamkorlarini PURL dasturi doirasidagi uzilishlar xavfi, xususan, o‘q-dorilar va Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa-tutuvchilar yetkazib berish bo‘yicha xabardor qilgan.

Muzokaralar jarayonidan xabardor uch nafar yevropalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Davlat departamenti ta’minot zanjiri buzilishi mumkinligini bildirgan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ushbu masalani Fransiyadagi G7 davlatlari uchrashuvida hamkasblari bilan muhokama qilishi kutilayotgan edi.

Shu bilan birga, yevropalik mulozimlardan biri ayrim ittifoqchilar allaqachon rejalashtirilgan yetkazib berishlar boshqa qabul qiluvchilarga yo‘naltirilmasligi haqida kafolatlar olganini, biroq kelgusi istiqbollar noaniq qolayotganini qayd etgan.

O‘z navbatida, NATO diplomati Ukrainaga mo‘ljallangan qurol-yarog‘larning Fors ko‘rfazi mamlakatlariga berilishi mumkinligi mutlaqo qabul qilinmasligini ta’kidlagan.

G7 uchrashuvidan so‘ng Marko Rubio jurnalistlarga AQSH hozircha PURL liniyasi bo‘yicha Ukrainaga mo‘ljallangan qurollarni boshqa joyga yo‘naltirmaganini, biroq bunday imkoniyat istisno qilinmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurollar dastlab AQSHga tegishli bo‘lgani sababli, zarurat tug‘ilganda ustuvorlik mamlakatning o‘z zaxiralarini to‘ldirishga beriladi. 

“Politico” nashrining qayd etishicha, vaziyatning rivojlanishi Yaqin Sharqdagi mojaroning borishi va Amerika tomonining ehtiyojlariga bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriya va Slovakiya Yevropa Ittifoqi sammitining Ukrainaga 90 milliard yevro miqdoridagi harbiy yordamni tasdiqlash qarorini qo‘llab-quvvatlamagani, shuningdek, XVJning so‘nggi yordam paketi atrofidagi ziddiyatlar sababli Ukrainada jangovar harakatlarni moliyalashtirish sezilarli darajada kamaygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Yaqin Sharq qurol-yarog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing