Aliment to‘lovchilar sug‘urta bilan chet elga chiqishi mumkin. Bu qanday ishlaydi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda aliment to‘lovchilar sug‘urta polisi orqali chet davlatga uch oygacha muddatga borib kelishi mumkin bo‘lishi xabar qilingandi. Xo‘sh, yangi tartib qanday ishlaydi? QALAMPIR.UZ bu bo‘yicha Majburiy ijro byurosidan izoh oldi.

Ma’lumki, “Sud hujjati asosidagi ijro hujjatlarini uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxslarning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash bo‘yicha vakolatli davlat organlarining hamkorligi to‘g‘risida”gi nizomga qo‘shimchalar kiritilishi bilan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxslar sug‘urta polisini ilova qilgan holda iltimosnoma bilan murojaat qilganda, davlat ijrochisi ularning chet davlatga chiqishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklovni to‘xtatib turishi haqida yangicha  norma qabul qilindi.

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror  chiqarishga   haqli. Qarzdorning chiqishini vaqtincha cheklashga asos bo‘lgan ijro hujjati talablari ijro etilganda, tugatilganda, tamomlanganda qo‘yilgan cheklov olib tashlanadi. Biroq alimentga oid hujjatlar bo‘yicha joriy qarzdorlik to‘langanligi cheklovni olib tashlashga asos bo‘lmaydi. Qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklovni olib tashlash uchun qarzdor bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga aliment to‘lovlarini oldindan amalga oshirishi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan (103 mln so‘m) kam bo‘lmagan garov shartnomasini tuzishi lozim bo‘ladi.

Yangi kiritilgan o‘zgarish esa jismoniy shaxsning chiqish huquqlarini vaqtincha cheklashni olib tashlashni nazarda tutmaydi, balki qarzdorning chiqishini vaqtincha cheklashni harakatdan to‘xtatib turishini belgilab beradi. 
Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida shifoxonaga yotqizishni talab qiladigan qarzdorning sog‘lig‘ini tiklash zaruriyatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda yoki qarzdor xorijiy davlatga chiquvchi rasmiy delegatsiya tarkibiga kiritilganda cheklov vaqtincha harakatdan   to‘xtatilishi   mumkin.

Yangi qabul qilingan hujjatga asosan esa aliment to‘lashi shart bo‘lgan, chet davlatga uch oygacha bo‘lgan muddatga borib kelmoqchi bo‘lgan shaxslar chet davlatdan qaytib kelmasligi oqibatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan aliment to‘lovlarini to‘lash yuzasidan fuqarolik javobgarligi sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urtalanadi. Bunda  sug‘urtalash shartlari sug‘urtalovchilar va Majburiy ijro byurosi o‘rtasida tuziladigan bosh kelishuvda belgilanadi.

Shuningdek, aliment to‘lovlarini to‘lash yuzasidan fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilishga doir sug‘urta polisi mavjud bo‘lganda, sug‘urta polisining mavjudligi Majburiy ijro byurosi va O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali avtomatik ravishda aniqlanadi. Agar qarzdor sug‘urta polisida belgilangan muddatda qaytib kelmaganida, sug‘urta kompaniyasi aliment to‘lashi shart bo‘lgan muddat davomida to‘lashi lozim bo‘lgan aliment miqdorini nizosiz tartibda  to‘lab berishi lozim bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

sug'urta aliment sug'urta polisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing