Andijonda YTHga uchragan mashinadan taqiqlangan dorilar chiqdi
3-sahifa
−
06 dekabr 2495 1 daqiqa
Andijon viloyatida avtohalokatga uchragan mashina ichidan 5071 dona Regapen topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida Andijon viloyatida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Dorifurushlar tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasining noqonuniy muomalasi oldi olingan.
Xususan, Andijon shahri hududida avtohalokatga uchragan CHANGAN SL03 rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salon qismida 5071 dona Regapen nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251 -1 -moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi gumonlanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida bir oyda umumiy bahosi 14 milliard 256 million so‘m bo‘lgan 90 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgandi.
Live
Barchasi